Bugun 16 may, 2025 yil, juma

КИР

Jizzaxda respublikada birinchi bo‘lib terassa usulida bog‘ yaratildi

A A A
Jizzaxda respublikada birinchi bo‘lib terassa usulida bog‘ yaratildi

Bahorning g‘animat kunlarida yurtdoshlarimiz ko‘chat ekib, bog‘ yaratish uchun tinim bilmayaptilar. Yo‘l bo‘ylarida, mahallalar markazlarida ko‘chatlar savdosi tashkil etilgan bo‘lib, O‘rmon xo‘jaliklari tomonidan tuman (shahar)lar hududlarida 20 xil turdagi 600 mingdan ortiq ko‘chatlar yetkazib berilgan.

Jizzax davlat o‘rmon xo‘jaligida ayni kunlarda ish juda qizg‘in. Chunki “Yashil makon” loyihasining kuzgi mavsumidan buyon hozirga qadar Sharof Rashidov tumanidagi Oqtosh ota mahallasi hududida 35 gektar yerda bog‘ yaratish ishlari yakunlanishi kerak. E’tiborlisi, mazkur bog‘ an’anaviy emas, Turkiya va Xitoy tajribasidan foydalanilgan holda terassa shaklida barpo etilayapti.

Jizzaxda respublikada birinchi bo‘lib terassa usulida bog‘ yaratildi

-Iqlimning keskin kontinentalligi, yoz chillasining issiq kelishi va sug‘orish bilan bog‘liq muammolar sabab katta xarajat va mehnat evaziga ekilgan ko‘chatlarning 50 foizi ko‘karib ketishi ham hudud uchun yutuq hisoblanadi, – deydi Jizzax davlat o‘rmon xo‘jaligi boshlig‘i Abdukarim Xolmatov. – Shu sabab ilmiy yondoshuvlar asosida ko‘chat ekish usullarini takomillashtirishga ehtiyoj sezildi. Turkiya va Xitoy davlatlarida bo‘lib, tabiiy yomg‘ir suvlaridan unumli foydalanish, toshloq yerda daraxt ko‘kartirish bo‘yicha yangiliklardan foydalangan holda respublikamizda birinchi bo‘lib viloyatimizda terassa usulida bog‘ yaratildi.

Jizzaxda respublikada birinchi bo‘lib terassa usulida bog‘ yaratildi

Bog‘ “Yangi O‘zbekiston” massividagi tepaliklarda bo‘lib, jami 12 ming tup tuya, qayrag‘och, bodom, pista, yasin, klyon kabi daraxt turlari o‘tqazilgan. Terassa usuli yomg‘ir-qor suvlarining tepalikdan pastga shiddat bilan oqib ketmasdan, har bir qavatda yig‘ilishiga va namlikning uzoqroq muddat saqlanib qolishiga yordam beradi. O‘rmonchilar jaziramaga ham maxsus tayyorgarlik ko‘rishdi. Yangi bog‘ Zarafshon daryosidan suv ichadi. Buning uchun daryo suvi quyiladigan Tuyatortar kanalidan ajrab chiquvchi Qorayantoq kanali suvi yig‘iladigan 300 m3 hajmdagi suv havzasi barpo etildi. Ushbu sun’iy havzada to‘plangan suv 400 metrgacha balandlikka ko‘tarilib, tomchilatib sug‘orish yo‘li orqali har bir ko‘chatga yetib boradi. Shu kunlarda sug‘orish tizimi to‘liq ishga tushadi.

Mazkur loyiha uchun respublika byudjetidan 6 mlrd so‘m mablag‘ ajratildi. Ekilgan barcha ko‘chatlar o‘rmon xo‘jaligining o‘zida yetishtirilgan. Ushbu loyiha orqali nihollarning unuvchanligi 70 foizga yuqori bo‘lishi kutilmoqda. A.Xolmatovga ko‘ra, Jizzax tajribasi ayni paytda Shahrisabzda ham sinab ko‘rilayapti.

Kiritildi: 15:14 10.04.2025. O'qildi: 831 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!