Ijtimoiy tarmoqda “Forish tumanidagi qishloqlardan birida bog‘cha direktori pichoqlab o‘ldirildi” sarlavhasi ostida xabar tarqalmoqda.
Aniqlanishicha, joriy yilning 5 avgust kuni soat 02.30da Jizzax viloyati Forish tumani Do‘stlik mahallasida yashagan 1975 yilda tug‘ilgan A.X. Forish tumani tibbiyot birlashmasiga tan jarohatlari bilan olib kelingan va ko‘rsatilgan tibbiy muolajalarga qaramasdan uning biologik o‘limi qayd etilgan.
Olib borilgan tezkor surishtiruv jarayonida A.X.ga 5 avgust kuni soat 00.30da uning mahalladoshi 1989 yilda tug‘ilgan O.A. o‘zaro kelishmovchilik oqibatida oshxona pichog‘i bilan tana qismiga ikki marta zarba berganligi aniqlangan.
Hozirda holat yuzasidan Forish tumani prokuraturasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 104-moddasi 3-qismi "d" bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda. Jinoyat sodir etishda gumonlangan shaxs prosessual tartibda qamoqqa olingan.