9 oktyabr kuni soat 9:00 lardan 16:00 gacha bo‘lgan vaqt davomida Forish tumani maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limiga qarashli 1-, 3-, 5- va 7-sonli davlat maktabgacha ta’lim muassasalarining 3 yoshdan 7 yoshgacha bo‘lgan 37 nafar tarbiyalanuvchilari isitma ko‘tarilishi, ko‘ngil aynishi, qorin og‘rig‘i, ich ketishi va holsizlik kabi shikoyatlari bilan tuman tibbiyot birlashmasiga murojaat qilishgan.
Shifokorlar tomonidan o‘tkazilgan epidemiologik so‘rov jarayonida murojaat qilib kelgan bolalar 2025 yil 8 oktyabr kuni maktabgacha ta’lim muassasalarida biokefir, sir va sariyog‘ kabi mahsulotlarni iste’mol qilishganligi aniqlanib, ularga anamnez va birinchi tekshiruvlar asosida “o‘tkir diareya” tashxisi qo‘yilib, stasionar ravishda tibbiy yordam ko‘rsatilgan.
Aniqlanishicha, Jizzax viloyati sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi boshqarmasining dastlabki xulosasiga ko‘ra, Forish tumani maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limiga qarashli 1-, 3-, 5- va 7-sonli davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlarida ommaviy zaxarlanish yuzaga kelishida oziq-ovqat mahsulotlarini tashish, saqlash, ishlov berish jarayonlaridagi sanitariya qoida va normalarining buzilishi holatlari mavjudligi sababli inson organizmida oshqozon-ichak hazm qilish tizimining buzilishiga olib kelishi mumkinligi aniqlangan.
Mazkur holat yuzasidan Forish tuman prokuraturasi tomonidan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.