Majburiy ijro byurosi Jizzax viloyati boshqarmasining hududiy bo‘limlari ish yurituvida bolalarning moddiy ta’minoti va aliment undiruvi bilan bog‘liq 14 mingga yaqin ijro hujjatlari mavjud. Joriy yil boshidan buyon ularning 900 dan ziyodi tamomlangan va tugatilgan.
Joriy yilning o‘tgan davrida voyaga yetmaganlar foydasiga 22,6 mlrd so‘m miqdorida aliment qarzdorligi undirildi.
Aliment to‘lashdan bo‘yin tovlagan 263 nafar qarzdor shaxsga nisbatan ma’muriy ishlar qo‘zg‘atilib, ko‘rib chiqish uchun sudlarga yuborildi. Shuningdek, ma’muriy jazodan tegishli xulosa chiqarmay, aliment to‘lashdan qasddan bo‘yin tovlagan 8 nafar qarzdorga nisbatan joriy yilning yanvar–fevral oylarida jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, surishtiruv harakatlari olib borildi.
Shu bilan birga, aliment to‘lovlarini to‘lamasdan qasddan bo‘yin tovlagani uchun muqaddam qidiruv e’lon qilingan 323 nafar qarzdordan o‘tkazilgan tezkor qidiruv tadbirlari natijasida 122 nafari aniqlandi.