Evropaning to‘qqizta rahbari jinoyat sodir etgan muhojirlarni chiqarib yuborish tartibini osonlashtirish maqsadida Inson huquqlari bo‘yicha Yevropa konvensiyasini qayta ko‘rib chiqishga da’vat etmoqda.
Italiya Bosh vaziri Jorjiya Meloni va Daniya Bosh vaziri Mette Frederiksen tayyorlagan yozma bayonotga imzo chekkan rahbarlarning ta’kidlashicha, Inson huquqlari bo‘yicha Yevropa sudi Konvensiyaning amal qilish doirasini haddan tashqari kengaytirgan. Hujjatga Avstriya, Belgiya, Chexiya, Estoniya, Latviya, Litva va Polsha rahbarlari ham imzo qo‘ygan.
Mazkur davlatlar inson huquqlari bo‘yicha suddan jinoyat sodir etgan chet el fuqarolarini mamlakatdan chiqarib yuborish to‘g‘risida qaror qabul qilishda ularga ko‘proq erkinlik berishni va chiqarib yuborish imkoni bo‘lmagan shaxslarni nazorat qilishni so‘ramoqda.