Bugun 27 aprel, 2024 yil, shanba

КИР

“Iste’mol savatchasi” va “Yashash minimumi”: saylovdan so‘ng XDP o‘z taklifini amalga oshirayaptimi?

“Iste’mol savatchasi” va “Yashash minimumi”: saylovdan so‘ng XDP o‘z taklifini amalga oshirayaptimi?

O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi o‘tgan yili saylov kampaniyasi boshlanishi oldidan “Iste’mol savatchasi” va “Yashash minimumi”ni belgilash, bu borada qonun qabul qilish taklifi bilan chiqqan edi.

Saylovlar o‘tdi. Partiya o‘z taklifini amalga oshirayaptimi?
 
O‘zA muxbiri shu savol bilan Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi Xalq demokratik partiyasi fraksiyasi rahbari, partiya markaziy kengashi raisi Ulug‘bek INOYATOVga murojaat qildi.
 
  – Saylovdan keyin ushbu muhim masalada amaliy natijaga erishishimiz zarur, – dedi U.Inoyatov. – Bu – prinsipial masala. O‘tgan hafta parlament quyi palatasidagi partiyamiz fraksiyasining kengaytirilgan yig‘ilishida ham shu masala atroflicha muhokama etildi. Fraksiyamiz a’zolari Iqtisodiyot va sanoat, Sog‘liqni saqlash, Moliya vazirliklari, Statistika qo‘mitasi vakillari, mahalliy Kengash deputatlari bilan birga fikr almashdi. “Iste’mol savatchasi” va “Yashash minimumi” tushunchasini qonunchilikda mustahkamlash hamda uni amalga oshirish mexanizmini ishlab chiqish bo‘yicha partiyamiz fraksiyasi va markaziy kengashi tomonidan tuzilgan ishchi guruhning dastlabki hisoboti eshitildi.
 
“Iste’mol savatchasi” va “Yashash minimumi” to‘g‘risida qonun qabul qilinishiga 2 ta eng muhim asosni keltirib o‘tish joiz, deb o‘ylayman.
 
Birinchisi: O‘zbekiston Respublikasi Konstitusiyasining 39-moddasida pensiyalar, nafaqalar, ijtimoiy yordam boshqa turlarining miqdori rasman belgilab qo‘yilgan tirikchilik uchun zarur eng kam miqdordan oz bo‘lishi mumkin emasligi nazarda tutilgan. Mazkur me’yor yillar davomida ishlamadi, tirikchilik uchun zarur eng kam miqdorni belgilash mezonlari shu vaqtga qadar aniqlanmadi. Bu borada milliy qonunchiligimiz ham, huquqni qo‘llash amaliyoti ham xalqaro amaliyotdan juda orqada qolib ketdi.
 
Ikkinchisi: Prezidentimiz Oliy Majlisga yo‘llagan Murojaatnomasida O‘zbekistonda kambag‘allikni kamaytirish choralari ko‘rilishi zarurligini ta’kidlab, bu bo‘yicha aniq vazifalarni belgilab berdi. Endilikda xalqaro tashkilotlar bilan birga kambag‘allikni kamaytirish dasturi ishlab chiqiladi. Buning uchun, birinchi navbatda, kambag‘allik tushunchasi, uni aniqlash mezonlarini belgilash kerak. Ya’ni, biz kim qaysi mezonga ko‘ra kambag‘al toifaga kirishini aniqlashtirishimiz zarur. O‘z navbatida, buning uchun “Iste’mol savatchasi” va “Yashash minimumi” haqida alohida qonun qabul qilinishi lozim. Biz bunga yillar davomida oldimizda turgan vazifa sifatida qarashimiz kerak, deb o‘ylayman. 
 
Shularga asosan ishchi guruhimiz “Iste’mol savatchasi” va “Yashash minimumi”ni belgilash bo‘yicha xorijiy tajribani o‘rganib, tahlil qilish ishlarini amalga oshirmoqda.
 
O‘zbekistonda “Iste’mol savatchasi” va “Yashash minimumi”ni belgilashning o‘ziga xos jihatlari bor. Hududlarda eksperiment tariqasida dastlabki hisob-kitoblar amalga oshirilgan. Ishchi guruhimiz tomonidan shu masala bo‘yicha mutasaddi vazirliklarning axborotlari ham hisobga olingan.
 
Shu kunlarda “Iste’mol savatchasi” va “Yashash minimumi” to‘g‘risidagi qonun loyihasi konsepsiyasi tayyorlanayapti.
 
Aytish kerakki, qonun qabul qilish, uni hayotga tatbiq etish jarayonlari oson kechmaydi. Chunki bu davlat byudjetiga yuklamalarni sezilarli darajada oshiradi. Barcha sohada ochiqlik va shaffoflikka erishilib boraversa, yashirin iqtisodiyotni bartaraf etish bo‘yicha samarali ish yuritilsa, o‘z-o‘zidan byudjet imkoniyatlari ham kengayadi.
 
Konstitusiyada belgilangan me’yorni ro‘yobga chiqarish uchun qiyinchiliklarni yengib o‘tishimiz, shu ezgu maqsad yo‘lida astoydil harakat qilishimiz zarur.
Kiritildi: 20:51 25.02.2020. O'qildi: 3003 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!