Dam olish kunlarida Isroil Qo‘shma Shtatlarni Eron Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusining raketa mashg‘ulotlari hujumga tayyorgarlik bo‘lishi mumkinligidan ogohlantirgan edi.
Bu haqda Axios portali xabardor manbalarga tayanib xabar berdi.
Portalga ko‘ra, Isroil Mudofaa kuchlari shtabi boshlig‘i general-leytenant Eyal Zamir AQSh Markaziy qo‘mondonligi qo‘mondoni Bred Kuper bilan telefon orqali suhbatda Isroil Eronning bir necha kun avval boshlagan raketa mashg‘ulotlaridan xavotirda ekanini aytgan.
Zamirning qayd etishicha, Eronning oxirgi raketa harakati va boshqa operativ qadamlari kutilmagan hujum uchun niqob bo‘lishi mumkin. U AQSh harbiylarini mudofaa tayyorgarligini Isroil harbiylari bilan muvofiqlashtirishga chaqirdi.
Yakshanba kuni Kuper Tel-Avivga keldi va u yerda Zamir va Isroilning yuqori martabali rasmiylari bilan uchrashdi.
"Eron hujumi ehtimoli 50 foizdan kam, lekin hech kim tavakkal qilishni va bu shunchaki mashg‘ulot, deyishni istamaydi”, dedi portal manbalaridan biri.
Ayni paytda amerikalik manbaning xabar berishicha, AQSh razvedkasi hozirda Eron hujumi yaqinlashayotganini ko‘rsatuvchi hech qanday ma’lumotga ega emas.