Bugun 27 aprel, 2024 yil, shanba

КИР

Islomga intilgan ayol: Muslima

Islomga intilgan ayol: Muslima

Nemis jurnalisti Karima Jordan Janubiy Koreyaga borgani va u yerdagi musulmonlar hayoti bilan qanday tanishganini quyidagicha hikoya qiladi. 

Men Koreys xalqi va madaniyati bilan tanishishga juda qiziqqan edim. Janubiy Koreya yarim orolida juda kam musulmon aholi borligi ham mening bu mamlakatga bo‘lgan qiziqishimni pasaytira olmas edi. Quloqlarim koreycha so‘zlarni eshitgan va ko‘zlarim koreyslarning yozuv tizimi – xangilni ko‘rganidan boshlab ana shu mamlakat aholisi gaplashadigan tilda gaplashishni orzu qilar edim…

O‘zimni bu tilda gaplashish borasida havaskor hisoblasam-da, ammo xanbok (koreyslarning odmigina kiyimi) kiyib olgan ayolning menga hayratlanib va sevinib qarab turganidan xursand bo‘lib ketdim.  Men undan koreys tilida xalqaro aeroportga olib boradigan poyezdga qayerdan o‘tirishim mumkinligini so‘ragan edim. Uning mening holatimni tushungani ko‘nglimning tubidan joy oldi.  Shuningdek, mahalliy aholi ham men bilan samimiy munosabatda bo‘ldi va ularning xayrixohligi tufayli yarim tunda Seuldagi unchalik qimmat bo‘lmagan mehmonxonani topib joylashib oldim.

Seulda taxminan  150 000 musulmon yashaydi va ularning deyarli uchdan biri – mahalliy koreslardir. Bu yerda 1976 yilda qurilgan Seulning Markaziy masjidi bor. Shuning bilan birga, ko‘plab halol restoranlar ham mavjud. Xususan, ajoyib musulmon koreys oilasi yuritadigan Eid Halal Restaurant restorani ham shular jumlasidan.

Koreyaning Markaziy masjidi Koreyadagi o‘n beshta masjidning biri sanaladi. Ulardan tashqari aeroport, universitet va savdo markazlarida 60 dan ortiq namozxonalar ham bor. Shunisi ajablanarliki, bu mamlakatdagi masjidlar musulmonlar va nomusulmonlarni birlashtiruvchi maskan vazifasini o‘tamoqda.

Bunga arab tilidan dars beradigan va Islom diniga qiziqqan kishilar bergan savollarga bilimi  yetgancha javob beradigan Bora Songni misol qilib keltirish mumkin. Mening u bilan masjidda bo‘lgan uchrashuvim koreys musulmonlari bilan anjumanlar zalida uchrashishga tayyorgarlik ko‘rayotgan chog‘imda bor-yo‘g‘i bir necha daqiqa davom etdi.  Ammo aynan shu fursatda madaniyalar qanchalik farq qilmasin Islom o‘z xususiyatini saqlab qolishini angladim.

U koreyalik muslima edi. Buni o‘qigan ko‘pchilik kishi boshida ajablanishi mumkin. Biroq men koreys xalqining an’anaviy libosi – xanbokni ko‘rgandan keyin bu holga ajablanmadim.  Ehtimol, xanbok muslima ayollarning odmigina libosiga o‘xshagani uchun shunday bo‘lgandir.

Yaqinda yoshgina bir koreys ayoli televizorga chiqib uning uchun xanbokni kiyib yurish burch ekanini aytdi. U xanbokni kiyganda o‘zini yengil va qulay his qilar ekan. Xanbok muslima ayollarning kamtarona kiyimiga o‘xshaydi. Ayrim koreys ayollarining yevropa uslubida tikilgan kiyimlarni afzal ko‘rishiga qaramasdan, koreys bichuvchilari xanbokni yanada takomillashtirish va arzonlashtirish ustida ish olib borayotir.

Ommaviy axborot vositalarida Islom va musulmonlar aksar hollarda salbiy tasvirlanayotgan bo‘lsa-da, koreslar faollik bilan Islom diniga kirmoqda.  Men hozirgi vaqtda Birlashgan Arab Amirliklarida yashab ijod qilayotgan, o‘zining badiiy mahoratidan Islom dini va uning an’analari koreys xalqiga qanchalik yaqin va tushunarli ekanini anglatish yo‘lida foydalanayotgan koreyalik muslima rassom Munu Beni juda ham yaxshi ko‘raman.

Islom va ona vatani o‘rtasidagi munosabatlar uning hayotining ma’nosiga aylangan. Islom diniga kirgan dastlabki kezlarda u o‘zini har tarafi o‘ralgandek his qilgan edi. “”Ammo sunnatni o‘rganib, hadisi shariflarni o‘qiy boshlaganimdan keyin Islomiy bilimim boyib bordi. Bu ta’limotlar menga bolaligimda ota-onam bergan tarbiyaga juda ham o‘xshash edi”, deydi u.

Koreyada Islom bu – nisbatan yosh din, Lekin koreys musulmonlari tarixi ko‘rsatishicha, Islom dini ta’limoti umum e’tirofga molik tushuncha. U sayyoramizdagi barcha insonlarga, barcha irqlarga va barcha millatlarga – erkaku ayol, yoshu qari, badavlatu kambag‘al, bemoru sog‘lomlarga birdek to‘g‘ri keladi.

Mamlakati va madaniyati, yashash joyi va ijtimoiy ahvoliga qaramasdan har bir inson Islom dinidan o‘ziga  foyda oladi, qalbi xotirjamlik topadi va  Alloh taolo, odamlar va o‘zi bilan o‘zi o‘rtasidagi uyg‘unlikni his qiladi.

Koreys musulmonlari islomiy tamoyillarga asoslanib hayot kechirmoqda. Shuning bilan birga, ular diniy an’analarni o‘zlarining milliy urf-odatlariga  uyg‘un deb hisoblaydi.

Robiya JO‘RAQULOVA tarjima qildi.

Manba: hidoyat.uz

Kiritildi: 08:00 16.11.2019. O'qildi: 2699 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!