Bugun 5 may, 2024 yil, yakshanba

КИР

ISLOM OLAMI OG‘IR JUDOLIKKA UCHRADI

ISLOM OLAMI OG‘IR JUDOLIKKA UCHRADI

Islom olami juda og‘ir judolikka uchradi. Usmoniy xalifaligi olimlari bilan bugungi kun ilm ahlini bog‘lashda muhim o‘rin tutgan inson, alloma Zohid Kavsariy rahmatullohi alayhning so‘nggi shogirdi Muhammad Amin Siroj rahmatullohi alayh 90 yoshida Istanbulda vafot etdi.

Muhammad Amin Siroj 1931 yilda, Onado‘lining shimolidagi Tokad viloyatida ilm-ma’rifatli oilada dunyoga kelib, islomiy ilmlar ta’limi butkul man qilingan bir davrda 5-6 yoshidan boshlab otasining qo‘lida Qur’on o‘rganishni boshladi.

Otasi Mustafo Afandi farzandlariga Qur’on va arab tili o‘rgatgani uchun 6 oy qamoqda o‘tirdi. Ammo jonkuyar ota bolalarining ilm tahsili to‘xtamasligi uchun Muhammad Aminni 1940 yildan boshlab Marzifun viloyatiga yubordi. Kichkintoy tolib u yerda 3 yil ilm oldi. Shundan so‘ng Istanbulga borib, Fotih masjidi imomi Umar Afandining qo‘lida bir muddat ta’lim olib, keyin Karjumak madrasasiga o‘qishga kirdi. U yerda shayx Sulaymon Afandining qo‘lida «Sahihi Buxoriy»ni tamomlab, hadis ilmidan ilk ijozani qo‘lga kiritdi.

U 1950 yilgacha Istanbulda diniy ilmlarni, xususan, hadis ilmini o‘rganishda davom etdi. U «Sahihi Muslim», «Sunani Termiziy», fiqhdan «Maroqul-faloh» va boshqa bir qator kitoblarni, tafsir va hadisga oid eng asosiy manbalarni o‘qib bitirgach, ilm cho‘qqilarini zabt etish maqsadida tahsilni Azhari Sharifda davom ettirish uchun Misrga otlandi. Biroq, o‘sha paytdagi vaziyat pasport olishga imkon bermagach, yosh tolibi ilm maqsad sari Bag‘dod orqali yo‘lga tushdi. Ammo turli sabablarga ko‘ra yarim yo‘ldan ortga qaytishga majbur bo‘ldi. Shundan so‘ng bir tanishini ishga solib, pasport va boshqa hujjatlarni tayyorlab, Misrga jo‘nadi. U yerda ilm darg‘alaridan hadis va boshqa ilmlardan tahsilni davom ettirdi hamda Misr, Shom va boshqa musulmon yurtlarning olimlari bilan tanishdi. U Misrda hamqishlog‘i shayxulislom Mustafo Sabriy Afandi, imom Muhammad Zohid Kavsariy va boshqalar bilan tanishdi.

Alloma Zohid Kavsariy usmoniylarning so‘nggi yillarida «Fotih» jome’sida dars bergan mashhur olimlardan edi. Turkiyada «Ittihod va taraqqiyot» partiyasi siyosatda ustun kelib, dinga qarshi kurash avjiga chiqishi oqibatida yuz bergan bir qancha to‘qnashuvlardan keyin Zohid Kavsariy 1922 yili yurtni tashlab, Iskandariyaga ko‘chib ketishga majbur bo‘ladi. U bir muddat Shom va Misr o‘rtasida yashab yuradi. Nihoyat, Qohirada qo‘nim topib, arxivda turk tilidagi hujjatlarni arabchaga tarjima qilish bo‘yicha ishlay boshlaydi. U kishi shu asnoda Islom olamida ilm ahli o‘rtasida mashhur bo‘lgan yuzlab maqolalarini yozadi, o‘nlab asarlarini yaratadi. Uning kitoblari ilmiy qiymati, o‘ta daqiqligi, fikrlarining mo‘’tadilligi va eng muhimi – an’anaviy islomiy ilm maktabini o‘zida aks ettirishi bilan zamondosh asarlardan ustun turadi.

Muhammad Amin Siroj «Azhar»da 7-8 yil ta’lim olgach, ustozi Aliy Haydar afandining tavsiyasi bilan Turkiyaga qaytdi. U yerda oila quradi, 1960 yili harbiy xizmatdan qaytgach, maxsus ko‘rikdan keyin hukumat tarafidan diniy rahbarlikka tayin etiladi. Ammo Muhammad Amin o‘sha paytdagi diniy vaziyatni yaxshi anglagani uchun bu mansabdan bosh tortdi, diniy ta’lim muassasalarida ishlab, yurtni isloh qilishga bel bog‘ladi. Shu bilan birga, Fotih jomesida 60 yildan ortiq xizmat qilib, o‘zligini yo‘qotayozgan xalqni Islomga qaytarishda juda katta mehnat qiladi. Muhammad Amin Turkiyada minglab shogirdlar yetishtirdi va yaqin izdoshlari bilan birgalikda ko‘plab diniy asarlarni arab tilidan turk tiliga o‘girib, nashr qildirdi. Bir so‘z bilan aytganda, bu zot Turkiyada islomiy ilmlarning qayta uyg‘onishida eng katta xizmat qilgan muhim shaxsiyatlardan biri edi. U kishi Zohid Kavsariydan turli ilmlar borasida olgan ta’limi va ijozalari orqali turk xalqini o‘z o‘tmishiga qayta bog‘lab bergan eng asosiy oltin xalqa bo‘lib xizmat qildi.

U kishining asosiy ustozlari quyidagilardir:

‒ Fotih jome’si mudarrisi Muhammad Xusrav Afandi;

‒ Turkiyada o‘z davrida ta’lim va fatvoda eng katta olimlaridan biri bo‘lgan Aliy Haydar Afandi;

‒ Ko‘p kitob o‘qiganidan «Ikki oyog‘ida yuradigan kutubxona» deya tanilgan Mustafo Lutfiy Afandi;

‒ Usmoniylar davlatining so‘ngi shayxulislomi Alloma Mustafo Sabriy;

‒ Muhammad Abdulvahhob Buhayriy al-Misriy;

‒ Zamonamiz muhaqqiqlarning peshvosi shayx Abdulfattoh Abu G‘udda Halabiy.

Marhum olimimiz yana shayx Abdurrazzoq Halabiy, shayx Adib Kallos, shayx Qarzoviy, Muhammad Avvoma va boshqa olimlardan ta’lim uchun ijoza olgan.

Muhammad Amin Siroj rahmatullohi alayhning shogirdlari son-sanoqsiz desak, xato bo‘lmaydi. Bugungi kundagi ko‘plab diniy va siyosiy maydondagi faollar aynan u zotning shogirdlari hisoblanadi. U kishi o‘z hayoti mobaynida Islom aqiydasi va ta’limini mahkam tutishi, jaholatga, dinsizlikka qarshi qat’iy qarshi turishi bilan tanilgan edi.

Shayx Amin Siroj umrining oxirigacha dinga, ilmga xizmat qilishdan charchamadi. Yoshi to‘qsonga yetib qolgan bo‘lishiga qaramay, g‘ayrat-shijoatda barchaga o‘rnak edi. So‘ngi yillarda ham madrasa ochish, ta’limni isloh qilish borasida juda katta ishlarni amalga oshirdi. Hukumat rahbarlarining nazdida ham u kishining obro‘si baland bo‘lgani uchun ilmiy-diniy sohalardagi ishlarda ko‘pchilik bu jihatdan u kishiga suyanar edi. Ko‘plab muhim ishlarni bevosita yuqori lavozimdagi mutasaddilar orqali hal qilib berar edi. Zero, davlatning juda ko‘p mutasaddilari u kishini o‘ziga ustoz deb biladi. Turkiya davlati rahbarlari ham shayxning ziyoratlarini qilib, nasihatlarini, duolarini olib kelishar edi.

ISLOM OLAMI OG‘IR JUDOLIKKA UCHRADI

Shayx Amin oxirgi oylarda butun dunyoda tarqagan tojsimon virusga chalinib, bir muddat bemor bo‘lib yotdi. Ilm va ummatga xizmatga to‘la bu behad zalvorli va shavqli hayot kuni kecha o‘z nihosiga yetdi. Turkiyaning bugungi voqeiy shayxulislomi Muhammad Amin Siroj hijriy 1442 yil 7 rajab, milodiy 2021 yil 19 fevral juma kuni olamdan o‘tdilar. Davlat rahbari Rajab Toyyib Erdo‘g‘on ham shayx Aminning vafoti munosabati bilan ta’ziya bildirdi.

ISLOM OLAMI OG‘IR JUDOLIKKA UCHRADI

Alloh taolodan ulug‘ ustoz Muhammad Amin Sirojni O‘z rahmatiga olishini, qilgan ezgu amallari, Islomga qilgan xizmatlarini husni qabul aylab, go‘zal mukofotlar bilan siylashini so‘raymiz. Parvardigorimiz bu ustozimizning joylarini Firdavs jannatidan aylasin. Bu judolikda musibatga uchragan barcha azizlarimizga chin yurakdan ta’ziya izhor qilamiz. Alloh ummat uchun xayri salaflarga xayri xalaflar bersin.

Kiritildi: 09:34 21.02.2021. O'qildi: 11602 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!