Unda yalpi ichki mahsulot, sanoat, investisiyalar, iste’mol xarajatlari, inflyasiya, foiz stavkalari, kreditlash, ichki va tashqi savdo, davlat byudjeti xarajatlari va daromadlari, siklik moslashtirilgan byudjet balansi kabi ko‘rsatkichlar tahlil qilingan. Shuningdek, milliy iqtisodiyot rivojlanishining holati va asosiy tendensiyalarining monitoringi, shu jumladan, qisqa muddatli iqtisodiy istiqbollarini shakllantiruvchi pul-kredit va fiskal sohalardagi davlat siyosati masalalari qamrab olingan.
O‘zbekiston iqtisodiyoti 2023 yilning yanvar-sentyabr oylarida o‘zining o‘rta muddatli trendidan yuqori o‘sib, o‘sish sur’ati 5,8 foizni tashkil qildi. Joriy yilning III choragida almashuv kursining to‘g‘rilanishi fonida tashqi savdo aylanmasi 22,1 foizga o‘sib, 44,7 mlrd. dollarni tashkil etdi.
Hisob-kitoblariga ko‘ra, 2023 yilda O‘zbekistonda yillik iqtisodiy o‘sish 5,4-5,6 foiz atrofida bo‘lishi prognoz qilinmoqda. Bunda aholi iste’moli va investisiyalarning o‘sishi mos ravishda 4,8 foiz va 7,6 foizni tashkil etadi.
Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazining 2023 yil yanvar-sentyabr bo‘yicha Makroiqtisodiy sharhining asosiy xulosalariga quyidagilar kiradi. 2023 yil yanvar-sentyabr oylarida O‘zbekiston iqtisodiyoti 5,8 foizga o‘sdi. Joriy yil yakuni bilan ijobiy ishlab chiqarish tafovuti saqlanib qolishi kutilmoqda.
Xizmatlar va sanoat sohasi yalpi taklif tarafidan iqtisodiy o‘sishning asosiy drayverlari bo‘ldi – xizmatlar 6,5foizga va sanoat 5,7 foizga o‘sdi.
O‘tgan yillardagi tendensiya shuni ko‘rsatmoqdaki, foyda va daromad solig‘i hamda resurs to‘lovlari va mol-mulk solig‘idan tushumlarning YAIMga nisbatan ulushi 2021 yilgacha ortib borgan bo‘lsa, oxirgi yillarda byudjetdan tashqari jamg‘armalar va hisoblar hamda boshqa daromadlarning ulushi ortmoqda.
Hisob-kitoblariga ko‘ra, 2020-2023 yillarda real va neytral foiz stavkalarida o‘sish tendensiyasi kuzatildi. Joriy yilning sentyabr holatiga ko‘ra, real foiz stavka 4,4 foizni, neytral foiz stavka 3,9 foizni tashkil qildi.
Global monetar sharoitlarning qattiqlashtirilishi fonida asosiy savdo hamkor davlatlar Rossiya, Qozog‘iston va Turkiyada Markaziy banklar tomonidan ham qattiq monetar siyosatni ushlab turish siyosati davom ettirilmoqda.
2023 yil oktyabr boshiga keng ma’nodagi pul massasi o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 12 foizga ko‘paygan. Pul massasi tarkibida milliy valyuta 77 foiz, xorijiy valyutadagi depozitlar ulushi 23 foizni tashkil qildi.
Tahlillarga ko‘ra, aholiga ajratilgan kreditlar kesimida iste’mol va avtokreditlash ulushi yuqoriligicha qolmoqda. 2023 yilning yanvar-sentyabrida mashina va asbob-uskunalar importi 11,4 mlrd., kimyoviy mahsulotlar 4,2 mlrd., oziq-ovqat mahsulotlari 3 mlrd. va xizmatlar 1,8 mlrd. dollarni tashkil qilgan. Mazkur kategoriyalarning importdagi ulushida sezilarli o‘zgarish kuzatilmagan.
Markaz hisob-kitoblariga ko‘ra, mamlakatning savdo shartlarida pasayish davom etmoqda. Xususan, ushbu ko‘rsatkich o‘tgan yil 9 oyiga nisbatan 0,5 foizga yomonlashgan bo‘lsa, 2018 yildan beri 11,2 foizga pasaygan.
Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi tomonidan Xalqaro hisob-kitoblar banki metodologiyasi asosida so‘m real samarali almashuv kursi dinamikasi tahlil qilindi. So‘mning real almashuv kursi 2019 yil yanvaridan 2023 yil sentyabriga qadar 13,9 foizga mustahkamlangan.