Bugun 24 iyun, 2025 yil, seshanba

КИР

Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi davlat xaridlari portalida auksion savdolar samaradorligini baholadi

A A A
Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi davlat xaridlari portalida auksion savdolar samaradorligini baholadi

Tadqiqot davomida Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi (CERR) davlat xaridlari jarayonida auksion savdolarining samaradorligi indeksini (indeks) ishlab chiqdi. Mazkur indeks davlat xaridlari jarayonini tashkil etish va amalga oshirish samaradorligini baholaydi. Shuni ta’kidlash kerakki, bunday indeks O‘zbekistonda birinchi marta ishlab chiqilmoqda.

21 iyun 2021 y. Toshkent. Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi tomonidan Davlat xaridlari maxsus axborot portalida (xarid.uz) 2020 yil yanvaridan 2021 yil aprel oylari oralig‘ida o‘tkazilgan davlat xaridlari tahlili amalga oshirildi.

Tadqiqotning maqsadi davlat va korporativ buyurtmachilar tomonidan narxni pasaytirib borish tartibidagi auksion savdolarida xarid qilingan tovarlarning xar biri kesimida xarid jarayonining samaradorligini baholashdan iborat.

Tadqiqot quyidagi yo‘nalishlarni o‘z ichiga olgan:

Etkazib beruvchilar o‘rtasida muayyan mahsulot darajasida raqobat holatini tahlil qilish;

Auksion savdolari orqali amalga oshirilgan davlat xaridlari jarayonining samaradorligini baholash;

Davlat buyurtmachilarining auksion savdolardagi samaradorligidan kelib chiqqan holda Reytingini tuzish;

METODOLOGIYa

Auksion savdolarining samaradorligi indeksini har bir lot kesimida quyidagi mezonlarga ko‘ra baholanadi: shartnoma qiymati, tovar guruhlarining vazn koeffisiyenti, boshlang‘ich narxning pasayishi (foizda), ishtirokchilarning soni, shartnomaning bajarilish holati, xaridlarning shubhalilik darajasi.

Tadqiqot metodologiyasiga asosan tovarning boshlang‘ich narxi o‘xshash tovarlarga belgilangan narxlar diapazonining o‘rnatilgan yuqori va pastki kvantil chegaralaridan chiqqan holda o‘rnatilsa yoki boshlang‘ich narxning pasayishi belgilangan diapazonning o‘rnatilgan yuqori va pastki kvantil chegaralaridan tashqarida ro‘y bersa xarid jarayonining shubxalilik darajasi yuqori baholanadi. Tadqiqotda kvantil chegaralar va anomaliyalarni aniqlashda murakkab algoritmlardan foydalanilgan.

Tadqiqotda O‘zbekiston Respublikasi tovar-xom ashyo birjasi (O‘zRTXB) tomonidan taqdim etilgan ma’lumotlardan foydalanildi. Tahlil jarayonida ma’lumotlar qayta ishlanib, adabiyotlar sharhi, ekspertlar xulosalari va O‘zbekistonda davlat xaridlari jarayonining o‘ziga xos xususiyatlarini hisobga olgan holda murakkab ko‘rsatkichlar shakllantirildi.

AMALIY AHAMIYATI

Tadqiqot ishi davomida olingan natijalarni quyidagi yo‘nalishlarda qo‘llash mumkin:

Auksion savdolari shaklidagi davlat xaridlari jarayoni mexanizmining samaradorligini oshirish;

Auksion savdolarida yetkazib beruvchilar o‘rtasida raqobat darajasi sust bo‘lgan tovar guruhlarida raqobatni rag‘batlantirish;

Davlat xaridlarini rejalashtirishda mas’ul shaxslarining malakasini oshirish;

Auksion savdolar natijasida tuzilgan shartnomalarning bekor bo‘lish holatlarini kamaytirish;

Davlat xaridlari maxsus portalida qo‘shimcha qulayliklar yaratish orqali davlat xaridlariga tayyorgarlik ko‘rishni soddalashtirish;

Davlat xaridlarini yanada samarali tashkil etish orqali davlat va jamiyat resurslarini tejash.

NATIJALAR

2020 yilning yanvar oyidan 2021 yilning apreligacha bo‘lgan davrda davlat xaridlari portalida 5 330 ta byudjet va 1347 ta korporativ buyurtmachilar tomonidan 131 759 ta auksion savdolari o‘tkazilib, shartnomalarning umumiy qiymati 3,9 trln. so‘mni tashkil etgan.

Arizalar soni va shartnoma miqdori o‘rtasida teskari bog‘liqlik mavjud: qancha ko‘p ariza bo‘lsa, narx shuncha past bo‘ladi, bu esa davlat resurslarini tejashga olib keladi.

Byudjet buyurtmchilari e’lon qilgan auksion savdolariga o‘rtacha 5 ta yetkazib beruvchi (korporativ buyurtmachilarda 4 ta) ishtirok etgan va 13 ta narx taklifi (korporativ auksionlarda 10 ta) berilgan.

Quyidagi tovar guruhlarida eng yuqori narx pasayishi kuzatildi:

«Kanselyariya buyumlari» - 38%,

«kiyim, poyabzal va ko‘rpa-to‘shak anjomlari» - 38%,

«sport anjomlari va jihozlari» - 34%,

«ovoz yozish texnikasi va jihozlari» - 32%,

«musiqa asboblari» - 32%.

Narxlar pasayishi nisbatan past bo‘lgan tovar guruhlari:

«biologik faol qo‘shimchalar» - 5%,

«stomatologiya uchun protez va ortopedik xom ashyo» - 7%,

«dasturiy mahsulot» - 9%.

Mazkur savdolarning har birida o‘rtacha 2 ta yetkazib beruvchi ishtirok etgan.

AUKSION SAVDOLARINING SAMARADORLIGI INDEKSI

Tadqiqot davomida Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi Auksion savdolarining samaradorligi indeksini ishlab chiqdi. Mazkur indeks davlat va korporativ byurtmachilar tomonidan xarid jarayonlarini tashkil etish va amalga oshirish natijalari samaradorligini baholaydi.

Indeksni baholashda quyidagi asosiy mezonlardan foydalanilgan: tejamkorlik (auksionning boshlang‘ich qiymati va narxning pasayishi), raqobat darajasi (ishtirokchilar soni), rejalashtirish va shubhali xarid (boshlang‘ich narxning pasayishi belgilangan diapazonning o‘rnatilgan yuqori va pastki kvantil chegaralaridan tashqarida, bir necha karra farq bilan ro‘y berishi), ziddiyat (shartnomaning imzolangandan so‘ng bajarilish holati).

Indeks yuqoridagi mezonlar asosida ma’lumotlarni yagona ko‘rsatkichga birlashtiradi va uning qiymati -7 va 7 oralig‘ida o‘zgaradi: o‘ta past samaradorlik (-7 dan -3,5 gacha), o‘rtacha past (-3,5 - 0), past (0 - 2,3), o‘rtacha (2,3 - 4,6) va yuqori samaradorlik (4,6 - 7).

Ko‘rib chiqilayotgan davrda Indeksning o‘rtacha qiymati 2,09 ni (byudjet buyurtmachilari uchun 2,28, korporativ buyurtmachilari uchun 1,86) tashkil etdi, bu past samaradorlik guruhiga to‘g‘ri keladi. Qayd etish lozimki indeks qiymati joriy yilning yanvar oyidan aprel oyiga qadar 2,09 dan 1,77 gacha pasaygan. Bu asosan muvaffaqqiyatli bajarilgan shartnomalar ulushining 79% dan (2020 yildagi o‘rtacha ko‘rsatkich) 73% gacha pasayishi bilan bog‘liq. Bu raqam byudjet xaridlarida 84% dan 73% gacha pasaygan.

Indeks har bir mahsulot turini hisobga olgan holda har bir lot uchun ishlab chiqilgan.

Tadqiqot shuni ko‘rsatdiki, musiqa asboblari (0,92), ovoz yozish uskunalari va jihozlari (1,07), kiyim-kechak, poyabzal va ko‘rpa-to‘shak anjomlari (1,13), sport anjomlari va uskunalari (1,23), termoplast quvurlar va armatura (1,36) eng kam samaradorlik bilan xarid qilingan tovarlar hisoblanadi.

Davlat byurtmachilarining reytingi

Tadqiqot mualliflari indeks qiymatlarini umumlashtirib, 10 dan ortiq auksion savdolarini e’lon qilgan 1596 ta byudjet va 617 ta korporativ buyurtmachilar samaradorlik Reytingini tuzdi.

Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi Review.uz veb-saytda reyting ishtirokchilari – davlat byurtmachilarining to‘liq ro‘yxati bilan tanishishni taklif qiladi:

  • Davlat byurtmachilari reytingi;
  • Korporativ buyurtmachilar reytingi;
  • Respublika darajasidagi byurtmachilar reytingi.

Byudjet buyurtmachilari o‘rtasida reytingning pastki qismida quyidagilar o‘rin olgan:

Buxoro viloyati kardiologiya dispanseri (1596-o‘rin, shartnomalarining 67% bekor qilingan), Yuqori Chirchiq tumani Bolalar-o‘smirlar sport maktabi (1595-o‘rin), Sirdaryo viloyati tibbiy-ijtimoiy xizmat ko‘rsatish boshqarmasi (1594-o‘rin, savdolarning 18% ida buyurtmachilarga nisbatan yuqori narx taklif etilgan), Samarqand viloyati Xalq deputatlari Kengashi huzuridagi nodavlat-notijorat tashkilotlarni va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi (1593-o‘rin, savdolarning 47% ida boshlang‘ich narxning pasayishi anomal tus olgan), O‘zbekiston tumani Maktabgacha ta’lim bo‘limi (1592-o‘rin) va Namangan viloyati Maktabgacha ta’lim boshqarmasi (1591-o‘rin).

Korporativ buyurtmachilar orasida «Agrobank ATB Termiz filiali» (617-o‘rin), «Toshrangmetzavodtools» MCHJ (616-o‘rin, savdolarining 44% ida boshlang‘ich narxning pasayishi anomal tus olgan), Buxoro viloyati «Issiqlik manbai» OAJ (615-o‘rin, savdolarining 89% ida nisbatan yuqori narx taklif etilgan), Toshkent shahar kichik sanoat zonalarini boshqarish direksiyasi (614-o‘rin) va «ATB Xalqbank Navoiy filiali» (613-o‘rin) eng past reytingga ega bo‘ldi.

Tahlillar shuni ko‘rsatdiki, savdolar jarayonida o‘rtacha 18% holatlarda bekor qilingan.

Xususan, shartnomalarni bekor qilish darajasi «Agrobank ATB Termiz filiali»da - 100%, «Toshrangmetzavodtools» MCHJ - 94%, Toshkent shahar kichik sanoat zonalarini direksiyasi boshqaruv direksiyasida - 74% va Buxoro viloyati «Issiqlik manbai» AJ - 68%ni tashkil etgan.

Respublika darajasidagi byurtmachilar orasida Yoshlar ishlari Agentligi (1387-o‘rin), Innovasion rivojlanish vazirligi (1496-o‘rin), O‘zbekiston Respublikasi Energetika vazirligi huzuridagi Yadro energetikasini rivojlantirish agentligi (1541-o‘rin), Davlat test markazi (1543-o‘rin), A. Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasi (1560-o‘rin) reytingning pastki qismidan joy egalladi.

Xususan, Milliy kutubxona tomonidan imzolangan 67 ta shartnomadan 28 tasi (42%) bekor qilingan. Savdolarning 43% ida yetkazib beruvchilarga, nisbatan yuqori narx taklif etilgan. Shuningdek, Davlat test markazi bilan imzolangan shartnomalarning 37% bekor qilingan bo‘lib, savdolarning 30% da narxlarning pasayishi belgilangan kvantil chegaralaridan chetga chiqqani kuzatilgan.

Respublika darajasidagi buyurtmachilarning 61% ning samaradorligi pastligi aniqlangan bo‘lsa, viloyat va tuman/shahar darajasidagi buyurmachilar uchun bu raqam mos ravishda 52% va 45% ni tashkil etdi.

Sohalar bo‘yicha Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash (2,56 - o‘rtacha samaradorlik), o‘rta ta’lim (2,50), sog‘liqni saqlash (2,41), obodonlashtirish (2,40) hamda irrigasiya va qishloq xo‘jaligi (2,28) sohasida byurtmachilarning auksion savdolardagi samaradorligi nisbatan yuqori ekanligi aniqlandi.

Eng past samaradorlik esa arxiv (1,62), bandlik va mehnat munosabatlari (1,73), energetika (1,85), iqtisodiyot va moliya (1,9) sohalarida kuzatildi.

Ta’kidlash lozimki, tadqiqotning birinchi bosqichida davlat xaridlari jarayonlarini tashkil qilish va amalga oshirish natijalarining samaradorligi faqat auksion savdolari ma’lumotlari asosida baholandi. Kelajakda, tender, tanlov va to‘g‘ridan-to‘g‘ri xaridlar jarayonining samaradorligini tahlil qilish rejalashtirilgan.

1 rasm. toifalar bo‘yicha imzolangan shartnomalarning umumiy summasi

Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi davlat xaridlari portalida auksion savdolar samaradorligini baholadiIqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi davlat xaridlari portalida auksion savdolar samaradorligini baholadi

2 rasm. Samaradorlik indeksi dinamikasi.

Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi davlat xaridlari portalida auksion savdolar samaradorligini baholadi

Hasanjon Majidov, etakchi ilmiy xodim CERR

Baxtiyor Ismailov, etakchi ilmiy xodim CERR

Kiritildi: 13:52 25.06.2021. O'qildi: 2651 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!