Jamiyatimizda yashab turgan insonlarning aksariga tekkan “kasalliklardan biri” bu – o‘zi amal qilmagan narsalar haqida gapirish va behudaga talashib-tortishishlikdir. Bu “virus” shunday avj oldiki, butun bir jamiyat ushbu dard bilan balolandi. Ayniqsa bu holat ijtimoiy tarmoqlardan foydalanuvchi kimsalar uchun go‘yoki kundalik yumushga aylandi. Bir paytlar faqatgina ziyoli insonlargina foydalanadigan, o‘ziga kerakli ma’lumotlar izlab, uzoqdagi yaqinlari bilan xabarlashib turish uchun mo‘ljallangan Fasebook ijtimoiy tarmog‘i esa, bugun fitnalar maydoniga, insonlarni tafriqa va bo‘linishga chaqiradigan, o‘zaro hurmat, or-nomuslar poymol qilinadigan “jang maydoniga” aylangandek go‘yo. Bir paytlar “Kimdan xabar keldi ekan”, “nima yangiliklar ekan”, deya kirishga oshiqqanimiz Fasebookka bugun “ishqilib tinchlikmikan?”, “falonchi “domla” yana jonli efir qilmadimikan?”, “falonchi unga “raddiya” bildirmadimikan?”, “har ikki tarafning tarafdorlari yana bir-birini ustidan mazg‘ava ag‘darmayaptimikan?”, degan xavotirda nazar tashlaydigan bo‘ldik.
Bir qaraganda bu yerda go‘yo hamma xolis, hamma vatan va xalq farovonligi uchun jon kuydirayotdandek ko‘rinadi. Qolaversa, bu joydagi insonlarning hammasi olim, hammasi taqvodordek seziladi. Har ikki taraf ham o‘z tutgan yo‘lini haq deb biladi. Biroq, shoir aytganidek:
“Har bir tepalik ham tog‘ deb atalmas,
Vatan degan har kimsa, vatanparvar emas”.
Shunga ko‘ra, ko‘zimizga zohiran “xaqiqatparvar”, “din va millat g‘amida” ko‘rinayotgan insonlarning aksari faqatgina shunchaki, tomoshabinlar e’tiborini jalb qilish, insonlarni bir-biri bilan “it-mushuk” bo‘layotganlarini tomosha qilib “madaniy xordiq” chiqarish uchungina ushbu tarmoqlardan foydalanadilar. Buni esa faqatgina ilm va farosat sohiblari, aql va tafakkur egalarigina anglaydilar. Bu maqolamiz orqali esa, aynan shunday “dinparvar” va “ilmli” kishilarning ushbu “faoliyatlari” davomida sodir etayotgan qo‘pol xatolari va xatarli harakatlari to‘g‘risida to‘xtalmoqchimiz.
- Riyo. Ya’ni, o‘zini ko‘rsatish. Bu illat eng xatarli illatlar va gunohlar sarasiga kiradi. Ijtimoiy tarmoqda birovni aybini oshkor qilib, o‘zicha insonlarni bu kishining yomonligidan ogoh etayotganlarning ko‘pida bu amal yaqqol nomoyon bo‘ladi. Agar uning niyati rostdan ham bir insonning xatosini to‘g‘rilash bo‘lganda, bu niyatini chiroyli nasihat va odob ila aynan o‘sha kamchilik egasining o‘ziga aytgan bo‘lardi. Chunki eng buyuk nasihatchi bo‘lgan Rosululloh sollallohu alayhi vasallam shunga buyurganlar.
- Haqligini isbotlash uchun talashib-tortishish. Bu ham dinimiz ta’limotlariga zid amaldir. Chunki bu amal sababli musulmonlar jamiyati o‘zaro firqalanishga, parokandalikka, bir-biriga nisbatan adovat va dushmanchilik kabi judayam ko‘p qaytarilgan gunohlarning boshlanishiga sabab bo‘ladi. Agar bu tortishish din va aqida masalalarida bo‘lsa, kishining iymoniga zarar yetib qolishlik xavfi bo‘ladi.
Ibn al-Bazzozning qayd etishicha, Imomi A’zam (r.a.) keksalik chog‘larida o‘g‘li Hammodning mutakallimlar bilan bahs-munozarada ko‘rganda: “Bizlar munozara qilgan paytlarda suhbatdoshimizning haq va to‘g‘ri yo‘ldan chiqib qolishidan qo‘rqardik. Lekin sizlar munozara chog‘ida suhbatdoshingiz haq yo‘ldan chiqishini istaysizlar. Har kim suhbatdoshini haq yo‘ldan chiqarmoqchi bo‘lsa, uni kufr tomon yo‘llaydi, lekin uning o‘zi suhbatdoshidan oldinroq kufr yo‘liga o‘tgan bo‘ladi”, degan ekanlar.
Ulamolar aytadilar: “Haqiqiy olimning ikkita sifati bo‘ladi: 1) o‘zini ko‘rsatish uchun ahmoqlar bilan talashmaydi; 2)Olimlar bilan ham tortishmaydi.
Amal qilmaydigan narsalari haqida gapirish. Bu ham virtual olamida “yashaydiganlar”ning eng katta xatosidir. Kishi ko‘pchilikning e’tiborini tortish uchun gohida shunday postlarni qo‘yadiki, ularni o‘qigan kishilar beixtiyor eng taqvoli va eng boamal kishi bilan gaplashmoqdaman deb o‘ylaydi. Vaholanki, shunday post egalarining aksari! O‘z yozganining yarmiga ham amal qilmaydi. Bu esa dinimiz qattiq qoralagan gunohlardan biridir. Shuning uchun mashhur ulamolarimiz har bir gapirayotgan va yozib qoldirayotgan so‘zlariga eng avvalo o‘zlari amal qilgach, so‘ngra uni boshqalarga gapirishgan. Mazhabboshimiz Imomi A’zam rohmatullohni oldilariga bir kishi kelib: “Ey Abu Hanifa, bugungi mav’izangizda qul ozod qilishning fazilati haqida gapirsangiz, shoyadki, qullarga yengillik bo‘lsa”, deb iltimos qildi. Imomi A’zam “xo‘p” dedilar. Lekin, bu haqda o‘sha suhbatda emas, balki, keyingi suhbatda mav’iza qildilar. Unda halagi kishi kelib: “Ey Imom, nega iltimosimni o‘tgan safargi suhbatizda bajarmasdan bugun amalga oshirdingiz”, deb so‘raganida Abu Hanifa shunday javob bergan ekanlar: “Siz o‘tgan safar qul ozod qilishni fazli haqida gapirib berishimni so‘ragan paytizda meni qulim yo‘qligi sababli, hali birorta qulni ozod qilmagan edim. Shuning uchun o‘zim amal qilolmagan narsa haqida odamlarga va’z qilishni istamadim. Keyin men bozorga borib bir qul sotib oldim va uni ozod qildim. So‘ngra, sizning iltimosingizni bajardim”. Darhaqiqat, avvalo o‘zi amal qilmagan narsalar haqida gapirish insonlarga xech qachon ijobiy ta’sir ko‘rsatmaydi. Balki, ularda nafrat, istehzo va teskari ish qilish kayfiyatini uyg‘otadi hamda bu sababli Islomga ta’na toshlari otila boshlaydi. Hikmatlarda aytiladi: “Yomon ulamolar jannatning eshigi oldida o‘tirib olib, so‘zlari bilan insonlarni jannatga chorlaydilar. Amallari bilan esa ularni jannatdan to‘sadilar. Uni ko‘rgan odamlar: “Agar ularning huzurida yaxshi narsalar bo‘lganida edi, birinchilardan bo‘lib o‘zlari bundan foydalanuvchi bo‘lar edilar”, deyishadi”. Bu – aytgan so‘ziga o‘zi amal qilmaslikning eng xatarli natijasidir. Odamlar amru ma’ruf qiluvchi shaxsni aytgan so‘ziga o‘zi amal qilmayotganini ko‘rib, uning so‘zini qabul qilishdan yuz o‘giradilar va: “Agar aytayotgan so‘zida yaxshilik bo‘lganida edi, birinchilardan bo‘lib o‘zlari shu ishni qilishlari kerak edi”, deb o‘ylashadi. Natijada uning aytganiga emas, balki qilgan ishiga ergashib ketishadi.
Ba’zi bir kishilar o‘z so‘zlarini isbotlash, o‘z obro‘sini saqlab qolish yoki ko‘tarish uchun suxbatdoshining aybini qidirish, fursat topdi deguncha unga mazg‘avalar ag‘darib obro‘sizlantirish uchun bor imkoniyatini ishga solib olgan go‘yo. Bo‘ yo‘lda bir-birini turli xil xaqorat va masxaralar, g‘iybatlar va tuxmatlar, hattoki eng xatarli so‘z bo‘lgan “Munofiq”, “Kofir”, “Ateist” kabi atamalar bilan atayotgani muqaddas Islom ta’limotiga, Rosululloh sollallohu alayhi vasallamning sunnatlariga mutlaqo ziddir. Vaholanki, Alloh taolo Muso alayhissalomga Fir’avndek tug‘yonga ketgan zolimga ham qo‘pol gapirishni buyurmagan balki, yumshoqlik ila nasihat qilishni buyurgan. Rosululloh sollallohu alayhi vasallam kishilarni aybini qidirishdan, ularni masxara va g‘iybat qilishdan, behudaga talashib-tortishishdan, o‘zgalarga laqab qo‘yishdan, badgumonlikdan, munofiq va kofir kalimasi ila so‘kishdan, nizo va tafriqaga tushishdan qattiq qaytarganlar hamda johillardan yuz o‘girishga, ularga “Omon bo‘linglar”, deya chiroyli xayr-ma’zur qilishga Qur’oni ta’limotlari asosida buyurganlar.
Bugun ijtimoiy tarmoqlarda turli-tuman din vakillari, turli xil millatga mansub insonlarni uchratish mumkin. Aynan g‘ayridinlarning ko‘z oldida musulmonlikni da’vo qilganlar, olimlikni da’vo qilganlarning o‘zaro bir-biriga bexurmatligi sababidan, yuqorida zikr etilgan dinimiz ko‘rsatmalariga amal qilmayotganligi sababidan, Islom diniga, O‘zbek millatiga, ahli ilmlarga nisbatan salbiy fikrlar ko‘payib qolyapti. Bir shaxsning xatosi butun din va millat uchun berilgan bahoga sabab bo‘lmoqda.
Azizlar! Unutmang! Sizga berilgan har qanday yaxshi baho bu Islomga, o‘zbek millatiga, umrini ilmga bag‘ishlagan ulamolarga berilgan bahodir. Aksinsa, sizga bildirilayotgan har qanday salbiy fikr ham aynan Islomga, millatga va ulamolarga nisbatan bo‘layotgan odobsizliklarga sabab bo‘ladi. Islom uchun, millat uchun, yurt rivoji va xalq farovonligi uchun hissa qo‘sholmasangiz, loaqal zarar ham keltirmang. Balki, niyatingiz yaxshidir. Lekin, ilm va farosat bo‘lmasa, hargiz bahs va munozaraga kirishmang. Chunki, “Qosh qo‘yaman deb, ko‘z chiqarib qo‘yishingiz” mumkin.
Manba: muslim.uz