Bugun 28 aprel, 2024 yil, yakshanba

КИР

Instagram siyosiy kontentlarga cheklovlar kiritdi

Instagram siyosiy kontentlarga cheklovlar kiritdi

Instagram algoritmlarida yangilanish yuz berdi – endilikda foydalanuvchilar o‘z yangiliklar tasmasidagi siyosiy kontent miqdorini cheklashi mumkin bo‘ladi, deb yozmoqda TRT.

Qayd etilishicha, ijtimoiy tarmoqlarga egalik qiluvchi Meta kompaniyasi ushbu funksiyani foydalanuvchilarni xabardor qilmasdan avtomatik ravishda ishga tushirgan. Tarmoqning sozlamalar qismiga qo‘shilgan “siyosiy kontent” bo‘limi “po umolchaniyu”, ya’ni dastlabki sozlamalar holatida “o‘chirish” qismi yoqilgan holatda bo‘ladi. Biroq foydalanuvchilar uni qo‘lda “cheklamaslik”ka o‘zgartirishlari mumkin.

Yangi o‘zgarish ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilarining norozilik to‘lqiniga sabab bo‘ldi. Siyosiy faollar, jumladan Falastin tarafdorlari platformani senzurada ayblamoqda.

Ko‘rsatmalarda aytilishicha, o‘zgarish "hukumatlar, saylovlar yoki odamlarning katta guruhiga va/yoki butun jamiyatga ta’sir qiladigan ijtimoiy muammolarga ishora qilishi mumkin bo‘lgan" xabarlarga ta’sir qiladi.

Platformani faol senzurada ayblagan foydalanuvchilar o‘zlarining noroziliklarini bildirish uchun X – sobiq “Tvitter”ga murojaat qilishdi.

“Ular bizdan tog‘lar, bayramlar, go‘zal portretlar, gullar va boshqa narsalar tasvirlarini nashr etishimizni xohlashyapti. Ular bizda Falastin, Kongo, muhojirlar, suverenitet, tub aholi harakati, atrof-muhit adolati va irqchilik bilan bog‘liq juda ko‘p kontentga ega deb o‘ylashadi”, deb yozadi foydalanuvchilardan biri.

Ko‘pgina faollar ijtimoiy media platformalaridan, jumladan Instagram`dan ma’lumot tarqatish, norozilik namoyishlarini uyushtirish va safarbarlikning boshqa shakllaridan foydalanadi. Isroilning G‘azo sektoriga bostirib kirishi boshlanganidan buyon falastinlik jurnalistlar va fuqarolarning ijtimoiy tarmoqlardagi postlari asosiy axborot manbalariga aylandi. Chunki Isroil hukumati xalqaro ommaviy axborot vositalarining G‘azo sektoriga kirishini taqiqladi.

Falastinliklar, shuningdek, Isroil harakatlari tufayli tez-tez telekommunikasiyalar uzilib qolayotgan bir paytda, yordam so‘rash yoki yaqinlari haqidagi yangiliklarni bilish uchun ijtimoiy tarmoqlardan foydalanmoqda. Dekabr oyida Human Rights Watch (HRW) hisobotida Instagram va Facebook ijtimoiy tarmoqlarini boshqarayotgan Meta kompaniyasini tizimli ravishda Falastin haqidagi kontentlarni senzura qilayotganlikda aybladi.

"Ijtimoiy tarmoqlar odamlarning guvohlik berishi va huquqbuzarliklarga qarshi chiqishi uchun muhim platformadir va Meta senzurasi Falastin azobini yo‘q qilib ko‘rsatishga hissa qo‘shadi", dedi HRW texnologiya va inson huquqlari bo‘yicha direktor o‘rinbosari vazifasini bajaruvchi Debora Braun.

Fevral oyida Instagram o‘z bayonotida foydalanuvchilar kuzatmaydigan akkauntlardagi siyosiy kontentni "proaktiv ravishda tavsiya etishni" to‘xtatishini, siyosat mavzusini esa o‘zining Threads (X ijtimoiy tarmog‘ining muqobili – tahr.) bo‘limiga keng yoritishini ma’lum qildi.

Biroq ko‘plab ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari Instagram`ni AQSh va boshqa mamlakatlarda muhim saylovlar bo‘lib o‘tishi kutilayotgan yilda siyosiy muhokamalarni cheklashda ayblashdi. Ularning fikricha, shu yo‘l bilan siyosiy faollar propagandaga qarshi turishda ko‘pgina imkoniyatlardan mahrum bo‘lishadi.

Kiritildi: 11:56 27.03.2024. O'qildi: 988 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!