Bugun 26 aprel, 2024 yil, juma

КИР

Ikkinchi jahon urushida 5 o‘g‘lini yo‘qotgan o‘zbek ayoli haqida film suratga olinmoqda

Ikkinchi jahon urushida 5 o‘g‘lini yo‘qotgan o‘zbek ayoli haqida film suratga olinmoqda

Belarusda “O‘zbekkino” kinostudiyasi ijodkorlari tomonidan yangi “Ilhaq” nomli film suratga olinmoqda. Bu haqda Mudofaa vazirligi axborot xizmati xabar qilmoqda.

Film real voqealarga asoslangan bo‘lib, 12 fevralda suratga olish ishlarining O‘zbekistondagi qismi yakunlanib, hozirda suratga olish jarayoni Belarusda davom ettirilmoqda. Rejissyor Jahongir Ahmedov boshchiligidagi suratga olish jamoasi “Belarusfilm” kinostudiyasi ijodkorlari bilan birgalikda Minskdagi zavodlardan birida jang sahnalarini suratga olmoqda. Bu yerda 1943-yillar muhiti yaratilgan.

Filmga Toshkent viloyatining Xonobod qishlog‘ida yashagan Zulfiya aya Zokirova va uning kenja o‘g‘li Yusuf Xolmatovning taqdiri asos qilib olingan. 5 o‘g‘il va bir qiz farzandni bir o‘zi voyaga yetkazgan bu ayol Ikkinchi jahon urushi vaqtida barcha o‘g‘illari – Isoqjon, Ahmadjon, Muhammadjon, Vahobjon va Yusufjonni yo‘qotgan. Ularning barchasiga frontdan “qora xat” kelgan. Bunday mash’um xatlardan oxirgisi Zulfiya ayaga 1945 yil fevralida kelgan. Ona kelinlari bilan butun umri davomida farzandlari xotirasiga motam tutgan.

Ushbu film urush, ona mehri, vatan, muhabbat va jasorat haqidadir.

Ta’kidlash joizki, filmni yaratish g‘oyasini O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev bildirgan edi.

Film premyerasi may oyiga belgilangan. Shuningdek, Toshkentdagi G‘alaba bog‘ida urush vaqtidagi ayollarning jasorati va matonati ramzi sifatida film qahramoni Zulfiya Zokirovaga haykal o‘rnatilishi ham rejalashtirilgan.

Kiritildi: 13:39 25.02.2020. O'qildi: 3646 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!