O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Tojikiston Respublikasi Prezidenti Emomali Rahmon «O‘zbekiston» xalqaro forumlar saroyida ikki mamlakat san’atkorlari ishtirokidagi an’anaviy konsertni birgalikda tomosha qildilar.
O‘zbekiston va Tojikiston xalqlarini uzoq o‘tmishga borib taqaladigan munosabatlar, mushtarak ma’naviy va diniy qadriyatlar, an’analar hamda boy madaniy meros bog‘lab turadi.
Har ikki mamlakatda ham asrlar davomida shakllanib kelgan do‘stlik, o‘zaro hurmat va yaxshi qo‘shnichilik an’analari asrab-avaylanib, boyib bormoqda.
Ushbu madaniy tadbir buning yaqqol tasdig‘i bo‘ldi. Konsert dasturida birodar xalqlarimizning betakror va boy madaniyatini aks ettiruvchi milliy musiqa va sahna san’atining eng sara asarlari ijro etildi.
O‘zbekiston va Tojikiston san’atkorlari hamda ansambllarining birgalikdagi chiqishlari o‘zaro anglashuv, ma’naviy yaqinlik va faol madaniy muloqot ramzi bo‘ldi.