Bugun 7 aprel, 2026 yil, seshanba

КИР

Ichki ishlar xodimlari uchun maxsus o‘quv kurslari boshlandi

Ichki ishlar xodimlari uchun maxsus o‘quv kurslari boshlandi

Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida 2026 yil 13 mart kuni aholi murojaatlari bilan ishlash tizimini takomillashtirish, Xalq qabulxonalari faoliyatini yangi bosqichga olib chiqish va jamoatchilik fikrini chuqur tahlil qilish masalalari yuzasidan videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tgan edi.

Ushbu yig‘ilishda berilgan topshiriqlar ijrosini ta’minlash doirasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat siyosati va boshqaruvi akademiyasida ichki ishlar organlari xodimlari uchun maxsus o‘quv kurslari boshlandi.

Uch kunlik mashg‘ulot ichki ishlar organlari xodimlarining aholi bilan samarali muloqot qilish, fuqarolar murojaatlarini tizimli va manzilli hal etish, shuningdek, ularning kasbiy kompetensiyalari hamda psixologik tayyorgarligini oshirishga qaratilgan muhim tashabbus sifatida yo‘lga qo‘yildi.

Kurs dasturiga ko‘ra, tinglovchilar aholi muammolarini chuqur tahlil qilish, ularga manzilli yechim topish, fuqarolar bilan muloqotda zamonaviy yondashuvlarni qo‘llash bo‘yicha nazariy bilimini mustahkamlab, amaliy ko‘nikmani rivojlantiradi.

Shu bilan birga, mashg‘ulotlar jarayonida davlat xizmatchilari odob-axloqi, xizmat intizomi, aholi bilan ishlashning ilg‘or usullariga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Mazkur o‘quv-trening mashg‘ulotlari davomida xalqaro tajribalarga asoslangan hamda milliy uyg‘unlikdagi maxsus o‘quv dasturi ishlab chiqildi, – dedi akademiya prorektori Nosirjon Asqarov. – Asosiy maqsad – korrupsiyaga toqatsiz hamda fuqarolarning dardini tinglay oladigan, murojaatlarni yangi tartibda hal qiladigan, har bir masalani bevosita o‘ziga daxldor, ya’ni shaxsiy bir murojaat sifatida qabul qiladigan xodimlarni tayyorlashga qaratilgan.

Shuningdek, o‘quv dasturi doirasida tergov va surishtiruv jarayonlarida qonuniylikni ta’minlash, huquqbuzarlikning oldini olish mexanizmlari, korrupsiyaga qarshi kurashishning zamonaviy yondashuvlari kabi dolzarb mavzular qamrab olinadi.

Bu ishtirokchilarning nafaqat kasbiy, balki ma’naviy-ma’rifiy salohiyatini ham yuksaltirishga xizmat qilishi bilan ahamiyatlidir.

Ma’lum qilinganidek, videoselektor yig‘ilishida Prezident Virtual va Xalq qabulxonalariga ichki ishlar organlari faoliyatiga oid murojaatlar haligacha ko‘plab tushayotgani, ayrim hollarda xodimlar muomalasi va xizmat faoliyati yuzasidan salbiy fikrlar bildirilayotgani tanqidiy muhokama qilingan edi.

O‘quv kursi mashg‘ulotlariga Prezident Administrasiyasi, Oliy Majlis Senati, Oliy sud, Bosh prokuratura, Ichki ishlar vazirligi, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi, Advokatlar palatasi, Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi vakillari, shuningdek, malakali professor-o‘qituvchilar, olimlar va ekspertlar jalb etilgan.

Ishtirokchilarning bilim va ko‘nikmalari dastlab kirish testlari orqali baholanib, natijalarga ko‘ra guruhlarga ajratildi hamda har bir tinglovchi bilan individual yondashuv asosida ish olib borilyapti.

Amaliy mashg‘ulotlarda real keyslar, simulyasion vaziyatlar orqali qaror qabul qilish, stressga chidamlilik, xizmat samaradorligini oshirish kabi muhim ko‘nikmalar shakllantiriladi.

Kiritildi: 22:07 06.04.2026. O'qildi: 178 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!