Surxondaryo viloyati ichki ishlar boshqarmasi yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi xodimlari Oltinsoy tumani "Bibizaynab" mahallasi hududidan o‘tgan 4R-100 avtomobil yo‘lida o‘tkazgan avtoreyd tadbirida “Neksiya” rusumli avtomashinani to‘xtatdi.
Uni Qumqo‘rg‘on tumanida yashovchi B.E boshqarish huquqini beruvchi hujjatlarsiz boshqarib yurgan ekan. Shundan so‘ng haydovchiga ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilib, transport vositasi o‘rnatilgan tartibda jarima maydoniga joylashtiriladi. Ertasi kuni tushlikka yaqin haydovchi B.E. mahalladoshi N.E. bilan birga kelib, IIB xodimiga transport vositasini jarima maydonidan chiqarib berishi evaziga pora sifatida pul taklif qiladi.
Shu kuni kechki payt viloyat ichki ishlar boshqarmasi, Oltinsoy tumani prokuraturasi va tuman ichki ishlar bo‘limi xodimlari tomonidan tumanning "Bibizaynab" mahallasi hududida o‘tkazilgan tezkor tadbir chog‘ida fuqaro N.E. ichki ishlar xodimi M.B.ga “Lasetti” rusumli xizmat avtomashinasining ichida 310 ming so‘m pulni pora sifatida berayotganida ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olindi.
Mazkur holat yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 211-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Denov tumanidagi "Surnaytepa" mahallasida yashovchi A.N.ning bir bosh ho‘kizini "Totuvli" mahallasidan M.A. 10 million 500 ming so‘mga savdolashib, pulini bir kundan keyin berish sharti bilan olib ketadi. Oradan 15 kun o‘tsa hamki, lafzlashgan puldan darak bo‘lmaydi. Shundan so‘ng A.N. Denov tumani ichki ishlar bo‘limi boshlig‘iga yordam so‘rab, ariza bilan murojaat qiladi. Profilaktika inspektori ushbu masalada surishtiruv ishlarini olib borayotganida M.A. axloq tuzatish ishi bo‘yicha hisobda turishini aytib, masalani uning foydasiga hal etib bersa, 600 ming so‘m pulni pora sifatida berishni va’da qiladi. Profilaktika inspektorining bildirgisi asosida xizmat vazifasini bajarayotgan IIB xodimi bilan “kelishmoqchi” bo‘lgan bu shaxsning qaltis ishi “o‘xshamay” qoldi. Viloyat ichki ishlar boshqarmasi, tuman prokuraturasi va tuman IIB xodimlari hamkorligida shu kuni "Yangiobod" mahallasi hududida o‘tkazilgan tezkor tadbir paytida M.A. taklif qilgan pulining 200 ming so‘mini profilaktika inspektorining xizmat xonasida pora sifatida berayotganida qo‘lga tushdi.
– O‘sha kuni Sho‘rchi tumanida yuz bergan mana bu voqea ham qonunni buzib, uni chetlab o‘tmoqchi bo‘lgan fuqarolarga saboq bo‘lsa, ajab emas, – deydi viloyat ichki ishlar boshqarmasi matbuot xizmati rahbari, kapitan F.Toshboyev. – Viloyat IIB yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi xodimi tumandagi "Dalvarzin" mahallasi hududidan o‘tgan M-41 avtomobil yo‘lida xizmat vazifasini o‘tayotganida “VAZ-2106” rusumli avtomashinani to‘xtatadi. Haydovchining hujjatlarini nazorat tartibida tekshirayotib, uni spirtli ichimlik iste’mol qilganlikda gumon qiladi va shifokor ko‘rigidan o‘tkazadi. Spirtli ichimlik iste’mol qilib, transport boshqarayotgani aniqlangach, ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilib, avtomashina jarima maydoniga joylashtiriladi. Shundan so‘ng haydovchi Q.A. ichki ishlar idorasi xodimi yoniga kelib, qonuniy chora ko‘rmaslik va avtomashinasini jarima maydonidan chiqarib berish evaziga naqd 500 ming so‘m pora taklif qiladi. Tegishli bildirgi asosida o‘tkazilgan tezkor tadbir chog‘ida haydovchi Q.A. IIB xodimining xizmat mashinasida 500 ming so‘m pulni pora tariqasida berayotganida ushlanib, ashyoviy dalil hujjatlashtirib olindi.
Mazkur holatlar bo‘yicha ham tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.
Manba: uza.uz