Fors ko‘rfazidagi Hormuz bo‘g‘ozi uch oydan beri yopiq bo‘lib turgani sababli minglab dengizchilar va yuzlab kemalar harakatsiz holatda qolmoqda.
BBC ma’lumotlariga ko‘ra, AQSH–Isroil va Eron o‘rtasidagi mojaro ortidan Hormuz bo‘g‘ozining yopilishi natijasida taxminan 20 ming dengizchi va 1600 ga yaqin kema ko‘rfaz hududida qamalib qolgan.
Pokistonlik kapitan Hasan Xonning aytishicha, tashqi tomondan vaziyat tinch ko‘rinsa-da, ekipaj a’zolari doimiy ruhiy bosim ostida yashamoqda.
«Stress bizni bir daqiqa ham tark etmaydi. Hamma jismonan ham, ruhan ham charchagan», — deydi u.
Yana bir kapitan Shafiqul Islom vaziyatni shunday ta’rifladi:
«Go‘yoki havzaga tushib qolgandekmiz. Chiqish uchun faqat bitta yo‘l bor — Hormuz bo‘g‘ozi.»
Hormuz bo‘g‘ozi jahon energetika bozori uchun strategik ahamiyatga ega. Dunyoda eksport qilinadigan neft va suyultirilgan gazning katta qismi aynan shu suv yo‘li orqali tashiladi.
Bo‘g‘oz yopilganidan keyin ko‘plab kemalar harakatni to‘xtatishga majbur bo‘ldi. Dengizchilar odatiy ish tartibini saqlashga harakat qilmoqda, ammo raketa hujumlari va dengiz minalari xavfi tufayli ruhiy bosim kuchayib bormoqda.
Mutaxassislar ta’kidlashicha, agar bo‘g‘oz yaqin vaqt ichida qayta ochilmasa, bu xalqaro savdo zanjirlari va energiya ta’minotiga yanada jiddiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin.