O‘zbekiston Respublikasi Bosh davlat veterinariya inspektorining qaroriga muvofiq, 2026 yil 29 yanvardan boshlab Hindiston Respublikasining barcha hududlaridan tirik hayvonlar va qushlarni O‘zbekiston hududiga olib kirishga vaqtincha cheklov joriy etildi. Shuningdek, Hindistonning G‘arbiy Bengaliya shtatidan davlat veterinariya xizmati nazorati ostidagi barcha turdagi tovarlar importi ham taqiqlandi.
Ma’lum qilinishicha, mazkur cheklov Nipah virusining O‘zbekiston Respublikasi hududiga kirib kelishining oldini olish maqsadida o‘rnatilgan.
Qarorda Xalqaro hayvonlar sog‘ligini himoya qilish tashkiloti (WOAH) hamda ochiq manbalarda e’lon qilingan ma’lumotlarga tayanilgan holda, Hindiston Respublikasining G‘arbiy Bengaliya shtatida Nipah virusi tarqalishi bilan bog‘liq murakkab epidemiologik vaziyat yuzaga kelgani qayd etilgan.
Veterinariya xizmati tomonidan aholi va tadbirkorlik sub’ektlaridan joriy etilgan cheklov talablariga qat’iy rioya qilish so‘ralmoqda.