Bugun 4 iyul, 2025 yil, juma

КИР

Himmatlar qadar qo‘rg‘onini tesha olmas

A A A
Himmatlar qadar qo‘rg‘onini tesha olmas

Ushbu uchinchi hikmat o‘zidan oldingi ikkinchi hikmatning uzviy davomidir. Ikkinchi hikmatda Alloh taolo insonni sabablar ichida turg‘izib qo‘yganda ularni ishga solishi kerakligi aytilgan edi. Banda bir narsani sababiyat qonuni asosida ko‘p takrorlayversa, o‘sha narsa sabablar orqali bo‘ladi, degan xayolga borib qoladi. Ammo mazkur sabablar chuqurroq o‘rganilsa, ularning hammasi borib, bosh sababga – Alloh taoloning O‘ziga taqalishi ko‘riladi. Misol uchun, doimo qorni ochganda taomlansa to‘yaverganidan keyin, qornimni taom to‘ydirmoqda, degan xayolga boradi. Aslida esa uni Alloh taolo to‘ydirishi esidan chiqib qoladi. Boshqa barcha sabablar ham shunday bo‘ladi. Shuning uchun ham Islom aqiydasidan bexabar kishilar sabablarga berilib ketib, haqiqiy musabbib Alloh taolo ekanini unutib qo‘yadilar.

Bu hikmatda o‘sha xatoga yo‘l qo‘ymaslikka chaqirilmoqda. Balki qadar qay tarafga aylansa, himmatlarning o‘zishi ham o‘sha tarafga burilishi ta’kidlanmoqda.

Himmat biror maqsadga erishish uchun nafsning intilish quvvati ekanini avval bilib olgan edik.

Ulamolar insondagi himmat uch turli bo‘lishini aytadilar:

1. Chala himmat.

Unda odam bir narsani qilishga azmu qaror qiladiyu, uning uchun harakat ham, amal ham qilmaydi.

2. O‘rtacha himmat.

Unda azm qilganda amal qiladi va qaror qilganda oxiriga yetkazadi. Odamlar o‘zlarining faoliyatlari davomida ushbu turdagi himmatlariga qarab natijalarga erishadilar.

3. O‘zuvchi himmat.

Bunda insonning nafsi o‘z-o‘zidan ta’sir o‘tkazish quvvatiga ega bo‘ladi va u to‘xtamasdan ta’sir o‘tkazadi. Misol uchun, ko‘zi bor odamning boshqalarga ko‘zi tegishi. Sehrgarning sehrining ta’siri. Avliyolarning karomatlari.

Ushbu himmatlarning hech biri Alloh taoloning qazo va qadari devorini teshib o‘ta olmaydi. Ya’ni Alloh taoloning azaliy ilmidagi narsadan boshqa tarafga o‘z kuchi bilan o‘tib keta olmaydi.

Alloh taolo Baqara surasida sehrgarlarning sehri borasida quyidagicha marhmat qiladi:

«Va ular u ila Allohning iznisiz biror kishiga zarar yetkazuvchi emasdilar» (102-oyat).

Ushbu jumlada dunyodagi ishlarning borishi haqidagi islomiy tasavvur o‘z aksini topgan. Ya’ni dunyoda nima ish sodir bo‘lsa, barchasi Allohning izni bilan sodir bo‘ladi. To‘g‘ri, Alloh har bir ishning yuzaga chiqishi uchun sabablarning vujudga kelishini shart qilgan. Ammo o‘sha sabablar ham Allohning izni bilan ta’sir qiladi. Ilmi kalom ulamolari bu ma’noni tushuntirish uchun olovni misol qiladilar. Olovni paxtaga tutsang, paxta kuyadi. U olovdagi kuydirish xususiyati tufayli kuyadimi yoki o‘zidagi kuyishga bo‘lgan qobiliyat tufayli kuyadimi? Chunki olovda kuymaydigan narsalar ham bor-ku. Xullasi kalom, hammasi Allohning izni bilan bo‘ladi. Agar Alloh taolo xohlasa, olovdan kuydirish xususiyatini olib qo‘yadi. U Zot kuydirishga izn bermasa, olov hech narsani kuydira olmaydi. Misol uchun, Ibrohim alayhissalomni mushriklar katta gulxanga tashlaganlarida, Alloh taoloning amri ila u olov Ibrohim payg‘ambarni kuydirmagan.

Shuningdek, sehrgarlar ham sehrni qilaverishadi. Ammo Allohning izni bo‘lmasa, hech kimga zarar yetkaza olmaydilar.

Ushbu nozik ma’nolarni aniq anglab yetishimiz uchun avvalo qazo va qadar aqiydasini yaxshilab anglab olishimiz zarur. Ulamolarimiz «qazo» va «qadar»ni quyidagicha ta’riflaydilar:

«Qazo Alloh taoloning hamma narsalarning kelajakda qandoq bo‘lishini azaldan bilishidir».

«Qadar o‘sha narsalarning Allohning azaliy ilmiga muvofiq ravishda vujudga kelishidir».

Ahli sunna val jamoa mazhabiga binoan, balog‘atga yetgan musulmon Alloh taolo bandalarning hamma ishini, maxluqotlarga bog‘liq narsalarning hammasini avvaldan bilishiga iymon keltirishi vojib bo‘ladi.

Qazo va qadar aqiydasi Allohga iymon keltirish asosidagi Islom aqiydalaridan biri hisoblanadi. Bu aqiyda to‘g‘ri ma’rifat asosida Alloh taoloni kamol sifatlari bilan sifatlashga asoslangandir.

Ana o‘sha sifatlarning biri – Allohning ilmi, u ilmning chegarasizligi, Alloh irodasining shomilligi va qudratining komilligidir.

Qazoi qadarning voqe bo‘lishi ikki xil bo‘ladi.

Birinchisi – Alloh taoloning yaratishi bilan bo‘lib, unda insonning hech qanday daxli bo‘lmaydi. Bu turga o‘lim, balo-ofatlar, zilzila, to‘fon va suv toshqinlariga o‘xshash narsalar kiradi.

Ikkinchisi – insonning daxli bor narsalarda bo‘ladi. Bu turdagi qazoi qadarga odam bolasi olib boradigan barcha faoliyatlar va qiladigan ibodatlar kiradi.

Shu bilan birga, ikkisi ham Alloh taoloning qazo va qadari deyiladi. Alloh taoloning qazo va qadari degani esa har bir narsa U Zotning ilmi va yaratishi ila joriy bo‘ladi deganidir. Insonning ixtiyori va majburlanishiga buning hech qanday aloqasi yo‘qdir.

«Unda sabablarni ishlatmasdan yurish kerak ekan-da?» degan savol paydo bo‘lishi mumkin. Savolning javobida: «Yo‘q, sabablar kerak joyda, ilohiy qoida asosida ishlatiladi va kerakmas joyda, ilohiy qoidaga zid bo‘lgan joyda ishlatilmaydi», deyiladi.

Sabablarni ishga solib, noshar’iy, harom yo‘l bilan rizq talab qilayotgan odamning «Alloh taolo meni sabablar orasida turg‘izib qo‘ydi. O‘sha sabablarni ishga solib, himmatim ila rizqimni terib yemoqdaman», deyishga haqqi yo‘q. Chunki sababiyat qonunini joriy qilib qo‘ygan Alloh taoloning O‘zi halol rizq topishni, haromga zinhor yaqinlashmaslikni ham amr qilgan. Bandaning rizqini O‘zi berishini Qur’oni Karimda aytib qo‘ygan.

Insonning sababiyat qonuni asosida faoliyat yuritishiga bog‘liq ikki holat bor.

Birinchi holat – shariatda ruxsat berilgan sabablarning barchasi insondan uzoqda, uning faoliyatiga va harakatiga bo‘ysunmaydigan holat. Bu holatda odam sabablar orasida emas, tajrid holatida turgan bo‘ladi. Undan taslim bo‘lish va kutib turish talab qilinadi. Noshar’iy sabablar ko‘paysa ham, xuddi yo‘qdek hisoblanadi. Banda o‘zini xudi ularni ko‘rmagandek tutishi va ulardan uzoqlashishi matlubdir.

Ikkinchi holat – shariatda ruxsat berilgan sabablar insonning huzurida va atrofida turgan holat. Bu holatda inson o‘sha sabablarni ishga solishi matlubdir.

Demak, inson bu dunyoda O‘zini yaratgan Alloh taoloning amrlariga bo‘ysungan holda va U Zot joriy qilgan nizomga rioya qilib yashamog‘i kerak.

Alloh taolo bizni och qolganimizda taomlanishga, chanqaganimizda suv ichishga, xastlanganimizda davolanishga, zararlardan chetlanishga amr qilgan. Shu bilan birga, barcha narsa O‘zining qazosi va qadari ila bo‘lishiga iymon keltirishimizga amr qilgan. U Zot bizlarni sabablarni ishga solishimizga amr qilgan va shu bilan birga, o‘zuvchi himmatlar qadarlar qo‘rg‘onlarini tesha olmasligiga iymon keltirishimizni amr qilgan.

Ushbu haqiqatni yana ham chuqurroq anglab yetishimiz uchun Qur’oni Karimdan misollar keltiraylik.

Alloh taolo Sod surasida marhamat qiladi:

«Oyog‘ing ila tepgin! Bu cho‘miladigan va ichiladigan sovuq (suv)» (42-oyat).

Ushbu oyati karimada Alloh taolo bemor holdagi O‘z nabiysi Ayyub alayhissalomga: «Oyog‘ing bilan yerni tepgin», dedi. Ayyub alayhissalom Allohning amriga itoat etib, oyoqlari bilan yerni tepgan edilar, u yerdan suv chiqdi. Shunda Alloh taolo:

«Bu cho‘miladigan va ichiladigan sovuq (suv)», dedi.

Demak, bu suvga cho‘milgan odam shifo topadi. Undan ichilsa, ichki dardlarga davo bo‘ladi. Shunday bo‘ldi ham.

Ulamolarimiz shu joyda o‘ta nozik bir jihatga e’tibor beradilar. Alloh taolo Ayyub alayhissalomga tayyor suvni ko‘rsatmasdan,

«Oyog‘ing ila tepgin!» – dedi. U kishi yerni tepganida, suv chiqdi. So‘ngra Alloh:

«Bu cho‘miladigan va ichiladigan sovuq (suv)» dedi.

Bundan Alloh taolo hamma narsani tayyorlab bermaydi, balki bandaning o‘zida harakat bo‘lsa, yordam beradi degan ma’no anglashiladi. Shuning uchun banda har bir narsada, jumladan, dardga davo izlashda ham Allohdan yordam tilagan holida o‘zi harakat qilishi kerak. Mana shu bandaning sabablarni ishga solgani bo‘ladi. Shu bilan birga, banda har bir narsa Alloh taoloning qazo va qadari bilan bo‘lishini zinhor unutmaydi. Bandaning sabablarni ishga solishi Alloh taoloning qazo va qadarining yuzaga chiqishiga xizmat qiladi deb e’tiqod qiladi.

Alloh taolo barchamizni o‘zuvchi himmatlar qadarlar qo‘rg‘onlarini tesha olmasligiga aniq ishonadigan bandalaridan bo‘lishimizni nasib etsin.

Manba: islom.uz

Kiritildi: 23:00 30.06.2019. O'qildi: 2945 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!