Bayram emasmi, boradigan joylarimiz ko‘paydi. Kunduzgi soat 15.30da ko‘chaga chiqdim. Oftob ayamay olov purkayapti. Asfaltdan jiz-jiz issiq hovur ko‘tariladi. Marshrutkaga o‘tirdim. Yo‘lovchilar ulovning salqin tomoniga o‘zlarini urishdi. Haydovchida esa salqin tomonni tanlash imkoni yo‘q. Isiqqa ham, sovuqqa ham sabr qiladi u.
Kimdir yelpinadi, kimdir jaziramadan noliydi... Issiqda mudrab borayotganlar ham anchagina. Haydovchi esa jimgina yo‘lida davom etadi.
“Tezroq yursangiz bo‘lmaydimi”, deydi birov betoqatlanib. Boshqalar bu fikrni qo‘llab-quvvatlaydi. Yo‘llar esa tirband. Yo‘llar o‘ydim-chuqur. Haydovchi o‘ychan ko‘zlarini yo‘ldan uzmaydi.
Manziliga yetib, “shu yerda to‘xtatib yuboring”, deydi bir xonim va aytgan joyidan 10 metrlar chamasi o‘tib to‘xtagan haydovchiga jahl qilib, “nima balo garangmi”, deya eshikni qarsillatib yopib, tushib ketadi... Haydovchi indamaydi. Yo‘lida davom etadi...
Azizlar, jazirama issiqda bir soatgina ko‘chaga chiqib, betoqat bo‘lyapmiz. Avtobuslarda, marshrutkalarda, taksilarda uzog‘imizni yaqin qilayotgan bu zahmatkash insonlar esa ertalabki soat 6.00 dan kechgacha mana shu jazirama yo‘llarda ishlashyapti.
Oftobning olovdek tig‘ida ham nolimaygina uzog‘imizni yaqin qilayotgan, jahlga jahl emas bosiqlik bilan javob qaytarayotgan mana shu zahmatkashlarning mehnatini qadrlaylik. Manzilimizga yetganimizda “Rahmat, baraka toping”, deya duo qilaylik. Yaxshi gap jon ozig‘i, deyishadi-ku, axir...