Bir suhbat
Bir kishi Hazratdan: «Namozlar nima uchun beshta farz qilingan?» deya so‘radi. Hazrat: «Burningiz nima uchun belingizga emas, balki yuzingizga o‘rnatilgan?» deb qarshi savol berdilar. U kishi: «Belda bo‘lsa, xunuk ko‘rinardi», dedi. Hazrat: «Hammaning burni belida bo‘lsa, xunuk ko‘rinmas edi», dedilar. U jim bo‘lib qoldi.
Ahqar jome’ (men Shafe’ Usmoniy) aytamanki: Hazrat qayta-qayta aytardilarki: «Shar’iy hukmlarning ko‘plab hikmatlari ma’lumdir. Agar harakat qilinsa, yana ziyoda ma’lum bo‘lishi mumkin». Chunonchi Hazratning o‘zlari mana shu mavzuda «Almasolihul aqliyya fil ahkomin naqliyya» degan nom bilan alohida bir kitob yozib, nashr qildilar. Lekin bunday deb aytardilar: «Ahkamul hakiminning hukmlaridagi sabab va hikmatlarni izlayverish bandaning holiga yarashmaydigan ishdir. Buning natijasi shu bo‘ladiki, u biror hukmning hikmatini bilolmasa, unga amal qilishi og‘ir tuyulib qoladi. Bandaning ishi bandalik va hukmga amal qilishdir. Odam hukmga amal qilishga harakat qilavergani sayin, shar’iy hukmlarning hikmatlari unga ochilib boraveradi». Bir marotaba shunga o‘xshash savol berilganida quyidagicha javob berdilar: «Bu ishning hikmati bizga ma’lum, lekin uni aytib berish sen uchun zararlidir. Chunki, shunday qilsak, senga har bir shar’iy hukmni maslahat va hikmatini tahqiq qilib yuraverish kasali tegib qoladi. Natijada ergashish va amal qilish deb atalmish asl buyruq qolib ketadi.
Maslahat nestki az parda birun uftad roz,
Varna dar majlisi rindon xabare nestki nest.
Ma’nosi: Sirni parda ortiga chiqarishdan biror foyda yo‘q. Va illo, rindlar (oshiqlar) majlisida yo‘q xabarning o‘zi yo‘q.
Muhammad Shafi’ Usmoniy
Yorqinjon qori FOZILOV tarjimasi