HAMAS harakati G‘azo sektorida 19 oydan ortiq tutqunlikda bo‘lgan amerikalik-isroillik askar Idan Aleksandrni ozod qildi.
NBC News'ning xabar berishicha, G‘azoda asirda bo‘lgan so‘nggi tirik Amerika fuqarosi deb hisoblangan 21 yoshli Aleksandr janubdagi Xon Yunis shahrida Qizil Xoch rasmiylariga topshirilgan.
Ozod qilish jarayoni AQSh prezidenti Donald Trampning Yaqin Sharqqa tashrifi arafasida bo‘lib o‘tgan.
HAMAS bu G‘azo sektoriga "o‘t ochishni to‘xtatish, o‘tish joylarini ochish va yordam yetkazish bo‘yicha ko‘rilayotgan qadamlarning" bir qismi ekanini aytdi. Bosqinchi isroil garovga olinganni ozod qilish uchun xavfsiz yo‘lakni ta’minlash maqsadida harbiy amaliyotlarni, jumladan havo hujumlari va artilleriya zarbalarini vaqtincha to‘xtatdi.
Sionistlarga ko‘ra, Idan Aleksandr ozod qilinishi bilan G‘azoda 58 nafar garovga olingan shaxs qoldi. Ulardan 23 nafari bugungi kunda tirik ekanligiga ishoniladi.
Idan Aleksandrning ozod etilishi AQSh prezidenti va isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxu o‘rtasida diplomatik taranglik kuchaygan paytga to‘g‘ri keldi. NBC News manbalariga ko‘ra, kelishmovchiliklar G‘azo va Eron bo‘yicha muzokaralarga yondashuvlar bilan bog‘liq.