Bugun 16 sentyabr, 2024 yil, dushanba

КИР

Go‘dakka birinchi qo‘shimcha ovqat qanday tayyorlanadi?

Go‘dakka birinchi qo‘shimcha ovqat qanday tayyorlanadi?

Olti oydan so‘ng go‘dakning energiya va ozuqa moddalariga bo‘lgan ehtiyoji ona suti bilan ta’minlanuvchi moddalardan orta boshlaydi. Natijada unga qo‘shimcha ovqat berish zarurati tug‘iladi.

Agar kichkintoyga bu yoshda ona sutiga qo‘shimcha ravishda biror taom berilmasa yoki noto‘g‘ri tartibda berilsa, uning rivojlanishiga salbiy ta’sir etishi mumkin.

Quyida bir yoshgacha bo‘lgan go‘daklarga qo‘shimcha taom tayyorlash talablari va ovqatlantirish gigiyenasiga oid muhim ma’lumotlari bilan tanishasiz.

— Bir yoshgacha bo‘lgan farzandingiz uchun qo‘shimcha yegulik hozirlayotganda uning qaynatilgan va bug‘da pishirilgan bo‘lishi, tuzsiz va shakarsiz tayyorlanishi, qirg‘ichdan o‘tkazilishi (ezilishi), eng muhimi, yangi mahsulotlar tanlanishiga alohida e’tibor bering.

Shuningdek:

bolani ovqatlantirishda uning qo‘llari tozaligi;

taom pishiriladigan qozon va idish tovoqlarning alohida bo‘lishi;

kichkintoy ovqatlanadigan likopcha alohida yuvilib, quritilishi;

yuvilgan idishlarning usti yopiq bo‘lishini nazorat qilishingiz kerak.

Qo‘shimcha ovqatni boshlashdan oldin pediatr bilan maslahatlashing. Mutaxassis sizga uni nimadan boshlashingizni, qancha miqdorda va go‘dakka necha marta berishingizni aniqlab beradi.

Qo‘shimcha ozuqalar kunlik taomnomaga kiritilgan paytda ko‘krak suti asosiy ovqat bo‘lib qoladi. Bolaning tishi chiqayotgan payti, profilaktik emlashlar o‘tkazgan kunlari, kunning issiq paytida bunday ovqatlarni go‘dakka berishni boshlash maqsadga muvofiq emas.

Qolaversa:

yangi qo‘shimcha ovqat berish oralig‘i o‘rtacha 10-12 kun bo‘lishi lozim;

har doim taomlantirish chog‘ida uning haroratiga e’tibor bering;

go‘dakka beriladigan yegulik imkon boricha bir marta iste’mol uchun mo‘ljallanishi zarur;

bir kun avval tayyorlangan ovqatni isitib berish mumkin emas;

ertalab beriladigan taom kechqurun pishirilmaydi;

qo‘shimcha taomni kunning birinchi yarmida bergan maqsadga muvofiq.

Kiritildi: 09:36 19.05.2024. O'qildi: 1865 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!