Bugun 27 aprel, 2024 yil, shanba

КИР

“Green Card” yutgan qizga uylanasizmi?

“Green Card” yutgan qizga uylanasizmi?

Ishtixonlik A.X. Payariq tumanida yashovchi M.F.ga ana shunday taklif bildirib, uni bu orqali Amerika qo‘shma shtatlariga borib ishlashiga ishontiradi. Ushbu masalada unga yordam berishini aytib, 2018 yil aprel-avgust oylarida M.F.ning otasi B.N.dan 9500 AQSh dollari olib, o‘z ehtiyojlari uchun ishlatib yuboradi.

Ish xamirdan qil sug‘urgandek kechayotgan edi. Hatto Jizzax viloyati Do‘stlik tumanida “Green Card” yutgan qiz topilib, uning roziligi bilan 2018 yilning 25 iyul kuni M.F. bilan nikoh to‘yi ham bo‘lib o‘tadi. Ammo “Yo‘li buzuqning yoqasi yirtiq” emasmi, A.X.ning firibgarlik ortidan boyish orzusi chippakka chiqdi. 2018 yilning sentyabr oyida AQSh elchixonasidan rad javobi olgan M.F.ning otasi undan pullarini qaytarib berishni talab qildi. Zo‘rg‘a 1000 dollar pulni qaytargan firibgarning qolgan pulni bera olmasligi ma’lum bo‘ldi.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Payariq tumani sudining yaqinda o‘tgan ochiq sud majlisida mazkur jinoyat ishi atroflicha ko‘rib chiqildi. A.X. O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 168-moddasi 3-qismining “a” bandida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybli deb topildi. Unga nisbatan jinoyat ishlari bo‘yicha Samarqand viloyati sudining 2020 yil 21 yanvar kuni O‘zbekiston Respublikasi JK 168-moddasi 3-qismining “b” bandi bo‘yicha tayinlanib, o‘talmay qolgan jazo mazkur hukm bilan tayinlangan jazoga qisman qo‘shilib, uzil kesil o‘tash uchun 6 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilindi.

Mana shunday firibgarlarning tegirmoniga suv quyadigan kishilar haliyam borligidan taajjubga tushasan, kishi. Ota-bobolarimiz kelin tanlashda quda tomonning yetti pushti bilan bekorga qiziqmagan. Amerikaga chiptasi bor qizlarning nasl-nasabini surishtirmay, “bor baraka” qilish, hali jismi-yu joni, ongi murg‘ak yoshlarning umrini pulga chaqish hech qaysi mezonlarga to‘g‘ri kelmaydi. Moddiy ahvolini bo‘lajak kelinning mavqei yoki boyligi evaziga tiklashga urinayotganlar keyinchalik mana shu yigitning “uddaburon” otasidek boshini changallab qolmaydi, deb kim ayta oladi?

X.KELDIYAROVA,

jinoyat ishlari bo‘yicha Payariq tumani sudi sudyasi.

Kiritildi: 11:57 28.05.2020. O'qildi: 7801 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!