Bojxona qo‘mitasi xodimlari huquqni muhofaza qiluvchi boshqa organlar bilan hamkorlikda giyohvandlik vositalarining noqonuniy aylanmasiga qarshi qaratilgan tezkor tadbir o‘tkazdi. Tadbir davomida oldindan olingan tezkor ma’lumot asosida gumon ostiga olingan fuqaro Farg‘ona–Toshkent yo‘nalishida harakatlanayotgan avtomashinada yo‘lovchi sifatida Toshkent tomon kelayotgani aniqlandi.
Tezkor tadbir davom ettirilib, mazkur avtomashina poytaxt hududiga kirib kelganidan so‘ng to‘xtatildi. Xolislar ishtirokida avtomashina va yo‘lovchi ko‘zdan kechirilganda, fuqaroning yonidan ikki dona yogurt idishi ichiga polietilen paketga o‘ralgan holda yashirilgan, umumiy og‘irligi 267 gramm bo‘lgan giyohvandlik moddasi aniqlanib, belgilangan tartibda ashyoviy dalil sifatida olindi.
Yana bir holatda esa, Toshkent shahar bojxona boshqarmasining Kontrabandaga qarshi kurashish bo‘limi xodimlari huquqni muhofaza qiluvchi boshqa idoralar bilan hamkorlikda bir xonadonda giyohvandlik vositalari aniqlanganligi yuzasidan tezkor tadbir o‘tkazdi. Tadbir davomida oldindan olingan tezkor ma’lumotlar asosida gumon ostiga olingan fuqaroning yashash xonadonlari xolislar ishtirokida ko‘zdan kechirildi.
O‘tkazilgan tezkor tadbir natijasida xonadondan 14 gramm gashish, 1 dona elektron tarozi hamda giyohvandlik vositalarini iste’mol qilish uchun mo‘ljallangan maxsus moslamalar aniqlanib, belgilangan tartibda ashyoviy dalil sifatida olindi.
Yuqoridagi holatlar yuzasidan hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda. Tergov yakunlari bo‘yicha holatlarga qonunchilikda belgilangan tartibda huquqiy baho beriladi.