Bu haqda Bild xabar bredi.
2 aprel oqshomida Axendan Frankfurt-may-Maynga ketayotgan ICE tezyurar poyezdida 20 yoshli yigit vagon yo‘lagiga straykbol granatasini uloqtirgan. Oqibatda bir necha yo‘lovchi jarohat olgan. Jinoyatchi ikkita pichoq bilan qurollangan va yuziga niqob taqib olgan edi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, u terrorchilik va qotillik sodir etish bilan tahdid qilgan. Yo‘lovchilardan biri hujumchini hojatxonaga qamab qo‘yishga muvaffaq bo‘lgan. Polisiya jinoyatchini Bonn/Zigburg vokzalida qo‘lga oldi. 180 ga yaqin yo‘lovchi evakuasiya qilinib, vokzalga kirish vaqtincha yopib qo‘yildi.
Hujum oqibatida kamida 12 kishi yengil tan jarohati oldi. Bir kishi kuchli ovoz tufayli akustik jarohat olib, shifoxonaga yuborilgan.
Qo‘lga olingan shaxs — Germaniya fuqaroligiga ega bo‘lgan Axen shahri fuqarosi ekanligi aniqlandi. Hozirda tergov jarayonlari olib borilmoqda.