Germaniya hukumati 2027 yil uchun federal byudjet loyihasini ma’qulladi. Hujjatga muvofiq, mamlakatning mudofaa xarajatlari 109,7 milliard yevroga yetkaziladi.
Bu 2026 yildagi 82,7 milliard yevrolik mudofaa byudjetiga nisbatan qariyb uchdan bir qismga ko‘pdir.
2027 yil uchun umumiy federal byudjet hajmi 555,4 milliard yevro etib rejalashtirilgan. Bu ko‘rsatkich 2026 yildagi 524,5 milliard yevroga nisbatan yuqori. Qo‘shimcha mablag‘larning katta qismi qurolli kuchlarni kuchaytirish va yangi harbiy texnika hamda qurol-yarog‘ xarid qilishga yo‘naltiriladi.
Ma’lum qilinishicha, xarajatlarni oshirishdan maqsad NATO oldidagi majburiyatlarni bajarish va AQShning Yevropadagi harbiy ishtirokini qisqartirishga tayyorgarlik ko‘rilayotgan bir paytda Germaniyaning mudofaa salohiyatini mustahkamlashdan iborat.
Byudjet loyihasida, shuningdek, 2027 yilda Ukrainaga 11,6 milliard yevro miqdorida harbiy yordam ajratish ko‘zda tutilgan. Keyingi yillarda esa bu yordam hajmini har yili 8,5 milliard yevrogacha kamaytirish rejalashtirilmoqda.
Xarajatlarning o‘sishini moliyalashtirish uchun kansler Fridrix Mers hukumati qo‘shimcha qarz mablag‘larini jalb qilishni rejalashtirgan. Byudjet loyihasi hali parlament tomonidan tasdiqlanishi lozim.