Avvalroq, Moskva shahrida Xalqaro havaskor boks assosiasiyasi (AIBA)ning navbatdagi kongressida G‘afur Rahimov tashkilot prezidentlik saylovida ishtirok etib g‘alaba qilgani haqida xabar bergan edik. Rahimov bu borada qozog‘istonlik Serik Konakbayevni ortda qoldirdi.
Bugun, 6 noyabr kuni G‘afur Rahimov AIBA prezidenti sifatida O‘zbekistonga tashrif buyurdi. Bu haqda Milliy olimpiya qo‘mitasi Matbuot xizmati xabar berdi.
Martabali mehmonni Islom Karimov nomidagi “Toshkent” xalqaro aeroportida Milliy olimpiya qo‘mitasi prezidenti Umid Ahmadjonov hamda Jismoniy tarbiya va sport vaziri Dilmurod Nabiyevlar kutib oldi.
Ma’lumot uchun: G‘afur Rahimov 2022 yilgacha AIBA prezidenti sifatida faoliyat olib boradi.