Bugun 24 oktyabr, 2025 yil, juma

КИР

Fransiyada sobiq prezident Sarkozini qo‘llab-quvvatlash mitingi bo‘lib o‘tdi

Fransiyada sobiq prezident Sarkozini qo‘llab-quvvatlash mitingi bo‘lib o‘tdi

Fransiyada “Liviya ishi” deb atalgan jinoiy tashkilot tuzganlikda ayblanib, besh yilga ozodlikdan mahrum etilgan sobiq prezident Nikolya Sarkozini qo‘llab-quvvatlash uchun miting bo‘lib o‘tdi.

Sarkozining o‘g‘illari Lui, Pyer va Janning chaqiruvi bilan sobiq prezidentning tarafdorlari uning Parijning 16-okrugidagi uyi oldida to‘planishdi. Norozilik namoyishi Sarkozi “La Sante” qamoqxonasiga kelishi rejalashtirilgan soat 10:00 da boshlandi.

Fransiya bayroqlarini ko‘targan namoyishchilar sobiq davlat rahbarini qo‘llab-quvvatlovchi shiorlar aytishdi. “Nikolya!”, “Adolatga uyat!” kabi baqiriqlar ostida yuzlab odamlar ishtirok etdi. Ayrim ishtirokchilar “Adolatga sharmandalik. Prezident qamoqda!” degan yozuvlarni ko‘tarishdi.

Sarkozining o‘g‘illari ertalab otasining uyiga kelib, u qamoqxonaga yo‘l olishidan oldin xayrlashishdi. Sarkozi rafiqasi Karla Bruni hamrohligida uyidan chiqib, yig‘ilganlarga salom berdi va qamoqxonaga yo‘l oldi.

Fransiya matbuotiga ko‘ra, sobiq prezident 11 metrli, oynasi bor bir kishilik kamerada jazosini o‘taydi.

Sarkoziga qo‘yilgan ayblovlar

2007–2012 yillarda Fransiya prezidenti bo‘lgan Nikolya Sarkozi 2007 yilgi saylov kampaniyasi uchun Liviya sobiq rahbari Muammar Qaddafiydan noqonuniy mablag‘ olganlikda ayblangan edi.

2013 yilda boshlangan tergov so‘ngra “Liviya ishi” nomi bilan ommaga ma’lum bo‘ldi.
25 sentyabr kuni Parij jinoiy sudi Sarkozini jinoiy tashkilot tuzishda aybdor deb topdi va besh yilga ozodlikdan mahrum etdi.

Sud uni ayrim moddalar bo‘yicha oqlagan bo‘lsa-da, hukm darhol ijro etilishi belgilandi.
Apellyasiya berilganiga qaramay, Sarkozi kassasiya jarayoni tuguncha qamoqda qolishi lozim bo‘ladi.

Kiritildi: 14:33 21.10.2025. O'qildi: 477 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!