Fransiyada dizayn taraqqiyotining o‘ziga xosligi hukumat ulkan dizayn-loyihalarning asosiy buyurtmachisi sifatida maydonga chiqishida namoyon bo‘ladi. 1980 yili Sanoat buyumlarini badiiy konstruksiyalash va mamlakatda dizayner kadrlar tayyorlashning uzoq yillarga mo‘ljallangan taraqqiyoti bo‘yicha maxsus qaror qabul qilingan edi. Qarorda asosiy e’tibor mahsulotlarning sifatini va tashqi ko‘rinishini yaxshilash uchun dizayn metodlarini qo‘llash,ularning xaridorgirligini oshirish, ishlab chiqarish tannarxini kamaytirishga qaratildi. “Buyumlarni badiiy konstruksiyalash va ularni sotish tizimi” vazifasi keng iste’mol mollari ishlab chiqarishda dizayn vositasi bilan tannarxini kamaytirish masalalarini tadqiq etishga qaratilgan.
Mamlakatdagi 8 ta davlat va xususiy o‘quv muassasalarida professional dizaynerlar tayyorlanadi, jumladan Sanoat dizayni Oliy maktabi, Milliy badiiy-sanoat oliy bilim yurti, Milliy bezak san’ati oliy maktabi, Amaliy san’at va badiiy hunarmandchilik oliy maktabi, Kompyenedagi Texnologik universitetning dizayn bo‘limi va boshqa o‘quv dargohlari dizayn ta’limi bilan shug‘ullanadilar.
Fransiya uchun ham, boshqa Yevropa mamlakatlari uchun ham sanoat ishlab chiqarishi va xizmat ko‘rsatish sohalariga dizaynni hamda yangi badiiy g‘oyalarni tatbiq etish dolzarb ahamiyat kasb etmoqda. Yevropaning birlashuvi natijasida savdo tovarlariga bo‘lgan cheklovlarning bekor qilinganligi va bozorning globallashuvi, o‘z o‘zidan turli-tuman korxonalar o‘rtasidagi raqobatni kuchaytirib yubordi.
Bugungi kunda xarid qilishda yetti o‘lchab bir kesadilar, oldindan bozordagi talab va taklif chuqur o‘rganiladi. Uning ustiga zamonaviy insonning yangicha fikrlashi, butun sayyora darajasidagi qadriyatlarga ahamiyat berishi hamda sanoatning yashash muhitiga ko‘rsatayotgan ta’siri kabi omillarga ham o‘z diqqatini qaratmoqda. Shu omillarning barchasi ishlab chiqaruvchidan iloji boricha mukammal, yangi texnologiyalar va xomashyolardan foydalanishni talab qiladi.
Alkatel, Mulineks, Pejo, Sitroyen, Tefal kabi ulkan fransuz korxonalari allaqachon dizaynerlar bilan hamkorlik qilishning qanchalar foydali ekanligini bilib olganlar.Bu korxonalarning har birida o‘z dizaynerlik byurolari mavjud. Reno avtomobil kompaniyasi bu sohaning peshqadami hisoblanadi va kompaniyada 260 nafardan ortiq dizayner ishlaydi.
Mamlakatda turli firmalar va sanoat korxonalari hamda xorijiy o‘quv yurtlari bilan o‘zaro aloqalar va dasturlar almashishga alohida e’tibor qaratiladi. 1983 yili Parij shahrida Dizayn taraqqiyotiga ko‘maklashuvchi tarmoqlararo Boshqarma va Badiiy konstruksiyalash Oliy maktabi tashkil etildi. Tashqi ishlar vazirligi zimmasiga dizayn bo‘yicha kasbiy tayyorgarlikni eng muhim sohalar qatoriga kiritishni, talabalarning xorijiy mamlakatlarda malaka oshirishlarini tashkil etish va bu masala uchun maxsus fond ajratish vazifasi yuklatilgan.
Fransiyada oliy dizaynerlik ta’limini Bezak san’ati Oliy milliy maktabida olish mumkin. Bu o‘quv maskanida sanoat dizayni,libos, mebel,interyer, viziual kommunikasiyalar, muhit va grafik dizayni kabi turlari bo‘yicha mutaxassislar tayyorlanadi.Undan tashqari Umummilliy, munisipal va hududlar qaramog‘ida bo‘lgan 53 Oliy o‘quv yurtida ham dizaynerlik mutaxassisliklari bo‘yicha diplomlar beriladi.
Hozir Fransiyada 4 mingdan ortiq professional dizaynerlar faoliyat olib bormoqda. Sanoat ijodkorligi Oliy milliy maktabi va boshqa oliy o‘quv yurtlarining dizaynerlik bo‘limlarini bitiruvchilari o‘z kasbiy faoliyatini ko‘p hollarda mustaqil dizaynerlar sifatida boshlasalar ham, keyinchalik katta dizaynerlik agentliklari va sanoat korxonalari dizaynerlari safiga kelib qo‘shiladilar.
Mutaxassislar tayyorlashda har bir talabaning o‘z iste’dodi va qobiliyatini aniqlash asosiy maqsad qilib belgilangan. Bu masalalarni hal etishda individual metodlarni qo‘llash, yuqori darajadagi texnikaviy va nazariy bilimlar beriladi.
Talabalar o‘qishga kirish oldidan, bilimi va tajribasidan qat’iy nazar, loyihalash guruhlariga taqsimlanadilar, ular o‘z ishlarini tashkil etadilar, loyihalar bo‘yicha o‘z faoliyatlarini belgilaydilar, ko‘p hollarda bu amaliyot ishlab chiqarish korxonalari bilan hamkorlikda bajariladi.Shu bilan birgalikda talabalar tadqiqotlar o‘tkazish, axborotlarni saralash, tahlil qilish, ma’lumotlarni jamlash, shaxsiy hamkorliklarini oshirish, o‘z bilimlarini va boshqalarning bilimlarini baholashga ham o‘rganadilar. O‘quv dasturlari “modul unsurlari” asosida quriladi hamda davomiyligi va mazmuniyligi bilan ajralib turadi. Bu o‘quv dasturlari o‘qituvchi tomonidan boshqariladi va ekspertlar tomonidan talabalarning individual qobiliyatlarini hisobga olgan holda tuziladi. Har bir o‘quvchi o‘zining individual dasturiga ega bo‘ladi.
O‘quv yiliga mo‘ljallangan o‘quv jadvali mavjud emas, o‘quv dasturlarini talabalar o‘zlarining maqsadlari va talablari asosida tuzadilar.Dasturlar o‘quv yurtiga kirish paytida guruh rahbari tomonidan tanlab olinadi va tatbiq etiladi. Davlat darajasida rejalashtirish va istiqbollarni belgilash tizimi o‘quv jarayonlari, mahorat va malaka hamda kasbiy tirishqoqlikni o‘zaro bog‘liq holda o‘rganib, ularni tahlil etish orqali bitiruvchilarni ish o‘rinlariga moslashtirish, malaka va mahoratlarini oshirishga yo‘naltiriladi.Yoshlarning mehnat bozorida o‘z o‘rinlarini topishlariga alohida e’tibor qaratiladi.Bu esa ta’lim standartlaridan voz kechib, kasbiy jihatdan referensional doirada ish yuritishga olib keldi, albatta,bunday yondashuv ta’lim metodologiyasi va sertifikasiyasida belgilab qo‘yilgan. Fransiyada ta’lim standartlariga qaraganda referensional yondashuv nufuzli sanaladi. O‘quv dargohlari bitiruvchilari tomonidan yaratilgan an’anaviy kreativ va badiiy dizaynerlik ishlanmalari bunga yorqin misol bo‘ladi.
Manba: uza.uz