Bugun 31 iyul, 2026 yil, juma

КИР

Fermerlarga dizel uchun 2 mln so‘mgacha subsidiya beriladi

Fermerlarga dizel uchun 2 mln so‘mgacha subsidiya beriladi

Adliya vazirligi 29 iyul kuni Qishloq xo‘jaligi korxonalari tomonidan birja savdolari orqali xarid qilingan dizel yoqilg‘isi qiymatining bir qismini qoplash uchun subsidiya ajratish tartibi to‘g‘risidagi vaqtinchalik nizomni davlat ro‘yxatidan o‘tkazdi.

Endilikda paxta va bug‘doy yetishtiruvchi fermerlar 2026 yil 1 apreldan 1 iyulgacha birja savdolari orqali xarid qilgan dizel yoqilg‘isi narxi 1 tonnasi uchun 13 mln so‘mdan qimmat bo‘lsa, oshgan summaning 2 mln so‘mgacha bo‘lgan qismini davlat subsidiya sifatida qoplaydi. Buning uchun alohida ariza topshirish talab etilmaydi – subsidiya proaktiv, ya’ni avtomatik tartibda ajratiladi.

Subsidiya olish uchun:

  • dizel yoqilg‘isi faqat birja savdolari orqali xarid qilingan bo‘lishi;
  • fermerning ekin maydonlari va ekin turlari Agroportal tizimiga kiritilgan bo‘lishi;
  • xarid qilingan dizel yoqilg‘isi agrotexnologik xaritada belgilangan aprel–iyun oylaridagi agrotexnik ishlar uchun ishlatilgan bo‘lishi kerak.

Subsidiya miqdori Agroportal ma’lumotlari asosida avtomatik hisoblanadi. Hisoblangan mablag‘lar agentlik tomonidan fermerning tijorat bankidagi maxsus hisobvarag‘iga 3 ish kuni ichida o‘tkaziladi.

Agar texnik nosozlik yoki ma’lumotlar almashinuvidagi uzilish sababli fermer haqidagi ma’lumotlar agentlikka yetib bormasa, u agentlikka yozma ravishda yoki Agroportal orqali elektron shaklda murojaat qilishi mumkin.

Dizel yonilg‘isini xarid qilish bilan bog‘liq xarajatlarni qisman qoplash maqsadida subsidiya ajratilishi haqida prezidentning may oyidagi farmonida belgilangandi. 2026 yil 1 sentyabrdan Qishloq xo‘jaligini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasining xo‘jaliklarga ayrim subsidiyalarni ajratish vakolati Agrar sohada to‘lovlar agentligiga o‘tkaziladi.

Kiritildi: Bugun 15:54. O'qildi: 292 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!