O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining PQ–123-son qaroriga muvofiq, favqulodda vaziyatlar sohasida malakali kadrlar tayyorlash tizimi tubdan isloh qilinadi.
Ma’lumotga ko‘ra, Favqulodda vaziyatlar vazirligi akademiyasi negizida ta’lim tizimi qayta tashkil etilmoqda. Jumladan, Fuqaro muhofazasi instituti va Boshlang‘ich tayyorgarlik hamda malaka oshirish markazi Akademiya tarkibiga kiritiladi.
Qarorga ko‘ra, yagona ta’lim kampusida:
— Qutqaruvchilar tayyorlash texnikumi;
— Xorijiy kadrlarni tayyorlash fakulteti tashkil etiladi.
Akademiyada 2 bosqichli oliy ta’lim tizimi joriy qilinib, bakalavr va magistrlar tayyorlash yo‘lga qo‘yiladi. Bakalavriatda harbiy yo‘nalishlar davlat granti asosida, boshqa yo‘nalishlar esa kunduzgi, kechki va masofaviy shakllarda amalga oshiriladi.
Shuningdek, magistraturada ham turli ta’lim shakllari asosida mutaxassislar tayyorlanadi.
2027/2028 o‘quv yilidan esa bakalavriatda “2+2” ta’lim tizimi tajriba-sinov tariqasida joriy etilishi rejalashtirilgan.