Bugun 28 aprel, 2024 yil, yakshanba

КИР

Farzandidan 13 mln so‘mni "qizg‘angan" ota qamoqqa tushdi

Farzandidan 13 mln so‘mni "qizg‘angan" ota qamoqqa tushdi

Ma’lumki, aliment to‘lovlarni o‘z vaqtida to‘lash majburiyat sanaladi. Biroq, ayrim ma’suliyatini unutgan otalar tomonidan o‘z farzandi uchun har oylik moddiy ta’minotni bermay kelishayotgani, majburiyatlarini unutib qo‘yishayotgani achinarli. Aynan bugun Majburiy ijro byurosi Chust tuman bo‘limi va ma’muriy sud hamkorligida tashkil etilgan sudda ana shunday bemehr otalarning javobgarlik masalasi ko‘rib chiqildi.

MIB Namangan viloyat boshqarmasining yozishicha, Davronbek Sharipov tumanning Guliston mahalla fuqarolar yig‘inida istiqomat qiladi. Sobiq turmush o‘rtog‘i bilan ajrashgani bois, fuqarolik ishlari bo‘yicha Karmana tumanlararo sudining 2016 yil 26 may kunidagi ijro hujjatiga ko‘ra undiruvchi Umarova Ra’no foydasiga bir nafar voyaga yetmagan farzandi uchun aliment undirish belgilangan. Mazkur ijro hujjati Byuroning tuman bo‘limi ish yurituviga olingan bo‘lib, davlat ijrochisi tomonidan ijro harakatlari olib borilgan. Ammo, qarzdor ota aliment to‘lashi lozimligini aniq bilsada, bunga panja orasidan qarab keldi. Oxir-oqibat qarzdorlik 13 mln. so‘mdan ortib ketdi. Davlat ijrochisining ogohlantirishiga qaramay qarzdorlik bartaraf etilmay, moddiy ta’minlashdan bo‘yin tovlab keldi. Mazmunan mazkur ijro hujjati ko‘rish uchun tuman ma’muriy sudiga yuborildi. O‘tkazilgan sayyor sudda fuqaro D.Sharipovga 10 sutkalik ma’muriy qamoq jazosi tayinlandi.

Yoki tumanning Laylak uya mahallasida istiqomat qiluvchi fuqaro Yodgorbek Usmonov ham o‘z farzandi moddiy ta’minotini ta’minlashdan bo‘yin tovlab kelayotgan otalardan bo‘lib chiqdi. Bo‘lmasa, o‘z farzandi uchun har oyda aliment mablag‘ini to‘lab yurgan bo‘lardi. U bahona, bu bahona bilan to‘lovni ta’minlashdan bo‘yin tovlab kelgani, qimmatga tushdi. 26 mln. so‘mdan ko‘proq qarzdorligi uchun YO.Usmonov ham ma’muriy sud tuman bo‘limining qarori bilan 15 sutkalik ma’muriy qamoqga yo‘l oldi.

Umuman, Byuroning tuman bo‘limi binosida bo‘lib o‘tgan sayyor sud davomida shuningdek, yana 8 nafar fuqaroning javobgarlik masalasi ko‘rib chiqilib, turli muddatlarga ma’muriy qamoq jazosi tayinlandi. Endi ushbu otalar alimentni vaqtida to‘lamaslik oqibatini tushunib yetishar.

 

Kiritildi: 18:00 22.01.2020. O'qildi: 2319 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!