Bugun 26 aprel, 2024 yil, juma

КИР

Farg‘onadagi mojaro: qilg‘ilikni qilgan hokimu, baloga qolgan xalqmi? (video)

Farg‘onadagi mojaro: qilg‘ilikni qilgan hokimu, baloga qolgan xalqmi? (video)

Xalqimizda hatto qushning ham uyi buzilmasin, degan gap bor. Darhaqiqat, mazkur purma’no ibora bejiz aytilmagan. Ayniqsa, bu naqlning ayni haqiqat ekanligini bir necha yillab yig‘ib-terib, solgan uyi snosga tushganlar juda yaxshi anglashsa kerak. 

Farg‘ona viloyati, Marg‘ilon shahar, Ahmad Yassaviy ko‘chasida istiqomat qilayotgan aholining boshiga ham bugun shu ish tushdi. Bundan bir yil muqaddam mazkur ko‘cha bo‘ylab, katta yo‘l qurilishi haqida gap tarqaldi-yu, shu yerlik fuqarolarning yuragiga g‘ulg‘ula oraladi. Shundan beri ularning na yeganida, na ichganida halovat bor.

Keling, yaxshisi voqea tafsilotlarini ularning o‘zidan eshitsak.

Na yer berildi, na pul

— Bundan bir yil ilgari shahar hokimligi ko‘chamizda katta yo‘l qurilishi boshlanishi, shu bois uy-joylarimizni o‘z ixtiyorimiz bilan buzishimizni talab qilishdi, — deydi Olimjon Abdurazzoqov. — O‘sha vaqtda shahar hokimi har bir xonadon egasiga o‘z uy-joyi qiymatida kompensasiya to‘lab berilishi, boshqa uy-joy solishimiz uchun yer uchaskalari ajratilishi haqida va’da bergan edi. Shu va’dalarga ishonib, bir qancha fuqarolar yashab turgan uy-joyini buzib tashladi. Lekin aksariyati na yer, na uy-joyining qiymatida kompensasiya olishdi.

Bizning uyimiz ham dastlab mutasaddilar tomonidan 200 million so‘mga baholandi. Lekin bu summaga rozi bo‘lmadik. Axir, shu imoratni solganimizga bor-yo‘g‘i ikki-uch yil bo‘lgan edi-da. Qolaversa, uyimiz barcha zamon talablariga javob beradigan darajada so‘nggi jihozlar bilan jihozlangan. Xullas, yugur-yugur, yoz-yozlar bilan uy-joyimizni 630 million so‘mga baholatdik. Hokimlik rozi bo‘ldi. Ammo shu pulning yarimini arang, bo‘lib-bo‘lib, tashlab berishdi. Bizga va’da qilingan yer uchaskalari, boshqa tayyor uy-joylar haqida-ku umuman gap bo‘lishi mumkin emas.

Olimjon Abdurazzoqovning aytishicha, Ahmad Yassaviy ko‘chasiga tushayotgan katta yo‘l uzog‘i bilan olti oy muddatda bitkazilishi kerak edi. Biroq oradan qariyb bir yil vaqt o‘tyapti hamki qurilish o‘z nihoyasiga yetkazilmagan. Ikki o‘rtada shoshma-shosharlik bilan tinch-totuv yashab kelayotgan shu yerlik aholining xonadonlari buzilib, ko‘kka sovrilgan, xolos.

— Shahar hokimligi va’dasini bajarmagach, garchi qo‘ni-qo‘shnilarim uy-joylarini buzishga kirishgan bo‘lsa-da, men bunday qilmadim, — deya so‘zida davom etadi O.Abdurazzoqov. — Chunki shu imoratni ne-ne orzu-havaslar, mashaqqatlar bilan qurganman. Bunga oz-muncha mablag‘ sarflamadimmi? Shunday bo‘lgach, uy-joyimning kelishilgan bahosini to‘lab berishini kutdim. Ammo hokimlik meni sudga berdi. Sudda menga qarshi qaror chiqdi. Noiloj Majburiy byurosiga uy-joyimni uzog‘i bilan o‘n besh kun ichida o‘z ixtiyorim bilan buzaman, deya tilxat yozib berdim. Oradan bir kun o‘tib, erta tongdan uyni buzishni boshladik. Lekin shahar hokimi va prokurori kelib, janjal-to‘polon bilan men va ikki nafar o‘g‘limni olib ketib, olti soat qamab qo‘yishdi. O‘zlari odam yollab, ne mashaqqatlar bilan solgan uy-joyimizni oila a’zolarim va qo‘ni-qo‘shnilar ko‘z o‘ngida buzib tashladi. Essiz shuncha, mehnatim zoye ketdi. Aslini olganda mutasaddilarning bunday qilishga aslo haqqi yo‘q edi. Axir qonun biz tomonda. Davlat amaldorlari shu ishni qilib turgan bir paytda dardingni kimga aytishni ham bilmay qolar ekansan. Hozir bizga na uyimizning puli to‘liq to‘lab berildi, na imorat solishimiz uchun boshqa joydan yer berildi. Kamiga fermerlikka olgan yerlarimizning oz qismini zo‘rlik bilan bizni qo‘rqitib, tortib olyapti. Shu adolatdanmi? 

Buyruq: ikki qavat qurasan

— Shahar hokimi avval boshida kimda-kim tomidan to‘rtta shefer olsa, o‘zi istagan joydan to‘rt sotix yer beraman degan edi, — deydi marg‘ilonlik yana bir jabrdiyda ikkinchi guruh nogironi Solijon Mamajonov. — Shu gaplarga ishonib, birinchi bo‘lib, uyimizni buzdik. Biroq, berilgan va’dalar faqat gap ekan, xolos. Yer tugul uyimizga to‘lab berilishi kerak bo‘lgan mablag‘ni ham yalinib-yolvorib, zo‘rg‘a oldik. Eng alam qiladigani tuman baholash komissiyasi xonadonimizni 108 million so‘mga baholab, yakunda bizga 72 million so‘mgina tashlab berishdi, xolos. Buning sababini surishtirsak, qandaydir anglashilmovchilik bo‘lgan, sizlarning uyingizga aslida 72 million to‘lanishi kerak, deydi. Qiziq, yillab imorat ko‘tarsangizu kimdir kelib, uni arzimagan narxga baholasa, alam qilar ekan. Qog‘ozlarda 108 million so‘m tursa-yu, biz shu summaga qo‘l qo‘ysagu 72 million so‘m pul olsak. Qani bu yerda mantiq? Kamiga shahar hokimi har birimizga uyimizni ichkaridan ikki qavat qilib solishni buyurgan. Bunday ko‘rgiliklardan na kulishimizni bilamiz, na yig‘lashimizni.

Hokim xalqning xizmatkorimi yoki..?

Ko‘rib turganingizdek, fuqarolar bundan bir yil oldin qurilishi boshlanishi kerak bo‘lgan, ammo hali-hanuz bu ish jadallashib ketmagan yo‘l qurilishidan, hokimlik o‘z va’dasida turmaganidan qattiq norozi. Umuman olganda, bu o‘rinda aholining e’tirozlarida jon bor. Chunki bir qator tegishli tartib-intizom va qaror-farmon, qonunlarga binoan aholining yashab turgan uy-joyi davlat tomonidan buzuladigan bo‘lsa, avvalambor albatta, o‘sha fuqaroning talab va istaklari to‘la-to‘kis, so‘zsiz bajarilishi shart. Unga uy-joyining badali to‘lab berilishi, o‘ziga yashashi uchun boshqa xonadon yoki uy-joy solishi uchun o‘zi istagan yerdan tomorqa ajratilishi kerak. Aslini olganda bugun amalga oshirilayotgan barcha islohotlar faqat inson omili uchun qilinyapti, amaldorlar xalqning xizmatkori deyapmiz. Lekin haqiqatan ham shundaymikan? Afsuski oxirgi paytlarda bu qonun-qoidalar faqat qog‘ozlarda qolib ketayotgandek go‘yo? Bordi-yu so‘zimiz yolg‘on bo‘lganda edi, Farg‘ona viloyati, Marg‘ilon tumani mutasaddilari o‘z xalqini — Olimjon Abdurazzoqov, Solijon Mamajonov singari fuqarolarni norozi qilib, ularni davlatdan bugungi islohotlardan ko‘ngli sovishiga sabab bo‘lmasdi.

Mazkur masala yuzasidan Farg‘ona viloyati mutasaddilaridan izoh kutib qolamiz. Biz bu mavzuga yana qaytamiz.


 

Kiritildi: 12:06 19.07.2019. O'qildi: 2977 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!