Bugun 28 aprel, 2024 yil, yakshanba

КИР

Farg‘onada homilador ayol 16-marta firibgarlikka qo‘l urdi

Farg‘onada homilador ayol 16-marta firibgarlikka qo‘l urdi

Ayol deganda eng avvalo ona hayolimizga keladi. Ayol – go‘zallik timsoli. Jamiyatda ayollar tomonidan jinoyat sodir etilganda o‘zgacha munosabat bildiramiz. Chunki, mushtipar deya ataladigan ayolning ijtimoiy xavfli qilmishni sodir etishini o‘zi bu favqulodda holatdir. Biroq, ayollar tomonidan ham ko‘plab jinoyatlar sodir etilib turiladi. Masalaning jiddiy tomoni jinoyat ko‘chasiga kirgan ayol kishi tomonidan qayta-qayta jinoyatlar sodir etilishidir. M.B. 26 yoshida “Firibgar” lik jinoyatini ilk marotaba sodir etadi. Unga sud tomonidan ayolligi inobatga olinib, imkoniyat beriladi. Afsuski, bu imkoniyatdan M.Buranova o‘ziga tegishli xulosa chiqarmasdan jinoyat sodir etishdan to‘xtamay, firibgarlikni o‘ziga kasb qilib oladi.

M.B. 38 yoshida 16 marotaba sudning qora kursisiga o‘tirishga ulgirdi. Bundan avval u sodir etgan firibgarlik jinoyatlari uchun 15 marotaba sudlangan.

Bu safar u 2020 yil 25 mart kuni Toshloq tumani “Dehqon bozori”da savdo qilayotgan G.Saidovaning yoniga kelib, unga tilla zanjir sotmoqchi ekanligini, tilla zanjirining qiymati 3.200.000 so‘m ekanligini aytadi. Shundan so‘ng u G.Saidovaga tilla zanjir ko‘rsatadi. G.Saidovaga tilla zanjir ma’qul keladi va u tilla zanjirni sotib olish haqida turmush o‘rtog‘i R.Saidovga aytadi. R.Saidov M.B.dagi tilla zanjirni ko‘rib, turmush o‘rtog‘iga tilla zanjirni sotib olishini bildirganda, M.B. ularni aldab, tilla zanjirni misdan tayyorlangan zanjirga almashtirib qo‘yib, zanjirni G.Saidovaga berib, turmush o‘rtog‘i R.Saidov bilan yashash xonadoniga borib, tilla zanjir uchun 3.200.000 so‘m pullarni qo‘lga kiritib, hodisa joyidan yashiringan va  pullarni o‘z ehtiyoji uchun ishlatib yuborgan.

Mazkur holat yuzasidan olib borilgan tergovga qadar tekshiruv harakatlari davomida G.Saidovadan M.B. sotib ketgan misdan tayyorlangan zanjir ashyoviy dalil tariqasida olingan.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshloq tuman sudi tomonidan joriy yilning iyun oyida O‘zbekiston Respublikasi JKning 168-moddasi 3-qismi “b” bandi bilan M.B.ga nisbatan to‘plangan jinoiy ish materiali ko‘rib chiqildi.

Sud, sud majlisida aniqlangan holatlarni muhokama qilib, sudlanuvchi M.Buranovaga jazo tayinlashda, oilaviy sharoitini, qaramog‘ida besh nafar voyaga yetmagan farzandlari borligini, jinoyatning ijtimoiy xavflilik darajasini jiddiy kamaytiruvchi holatlar sifatida homiladorligini, aybiga iqror va pushaymonligini, yetkazilgan zarar o‘rni bartaraf qilinganligini inobatga olib, unga nisbatan modda sanksiyasida nazarda tutilgan jarima jazosining eng kam qismidan ham kamroq jarima jazosi tayinlashni hamda jinoyatni o‘ziga nisbatan muqaddam chiqarilgan sud hukmi bilan tayinlangan va o‘talmagan ozodlikdan mahrum qilish jazosi muddatini to‘liq qo‘shishni va hukmning tayinlangan ozodlikdan mahrum qilish jazosi bo‘yicha ijrosini M.X.Buranovaning 2019 yil 4 iyul kuni tug‘ilgan voyaga yetmagan farzandi uch yoshga to‘lguniga qadar 2022 yil 4 iyul kuniga qadar kechiktirishni lozim deb topdi.

Sud mazkur jinoyatning kelib chiqish sabablarini va uning sodir etilishiga imkon bergan shart-sharoitlarini aniqlash bo‘yicha ishdagi to‘plangan materiallar va sudda aniqlangan holatlar o‘rganilganida, sudlanuvchi yashash joyidagi Namangan shahar mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash boshqarmasi, mahalla fuqarolar yig‘ini, mahalla faollari hamda profilaktika inspektorlari tomonidan Namangan shahrida istiqomat qiluvchi xotin-qizlar o‘rtasida jinoyat va huquqbuzarliklarni oldini olish bo‘yicha muntazam ravishda huquqiy tushintirish hamda tarbiyaviy ishlar olib borilmaganligi, muqaddam jinoyat sodir etgan shaxslar jumladan ayollarni qonunlarga rioya qilish ruhida tarbiyalash, ularning qayta jinoyat sodir etishini oldini olish yuzasidan targ‘ibot ishlari olib borilmaganligi, muqaddam jinoyat sodir etib jazo o‘tayotgan ayollarning farovon turmush tarziga reabilitasiya qilib borish yo‘lga qo‘yilmaganligi va ularning turmush tarzi nazoratga olinmaganligi hamda ushbu holatlar bo‘yicha tegishli chora-tadbirlari belgilanmaganligi, profilaktik tadbirlar o‘tkazilib, jamoatchilik ta’siri o‘rnatilmaganligi sud tomonidan jinoyatning sodir etilish sabablari va uning sodir etilishiga imkon bergan shart-sharoitlar sifatida baholanib, mazkur holatlarni bartaraf qilish maqsadida Namangan shahar mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash boshqarmasiga xususiy ajrim chiqarilib, munosabat bildirildi.

Bizning jamiyatda ayollarni o‘rni o‘zgacha, ularni nozik hilqa deb, boshqacha munosabatda bo‘lamiz. So‘nggi paytlarda ommaviy axborot vositalarida ayollar tomonidan turli xildagi jinoyatlarning sodir etilayotgani haqida ko‘plab maqolalar e’lon qilinib kelinmoqda. Sudlarni vazifasi faqat jazo tayinlash yoki sodir etilgan huquqbuzarliklar va jinoyatlarga tayinlanayotgan jazolarni oshkor qilish orqali ayrim shaxslarni izza qilish emas albatta. Maqsad, huquqbuzarliklar va jinoyatlarni kelgusida sodir etilishini oldini olish va profilaktika qilishdan iboratdir.

 

H.Omonov,

Jinoyat ishlari bo‘yicha

Toshloq tuman sudining sudya yordamchisi

Kiritildi: 15:59 03.08.2020. O'qildi: 3357 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!