8 iyun kuni Samarqanddagi Registon maydonida dunyoga mashhur qo‘shiqchi, qo‘shiqnavis hamda «Gremmi», «Oskar», «Toni» va «Emmi» mukofotlari sohibi Jon Lejendning uzoq kutilgan konserti bo‘lib o‘tdi. O‘zbekiston Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi tomonidan tashkil etilgan ushbu chiqish muhim madaniy voqeaga aylandi hamda O‘zbekistonni yirik madaniy va turistik tadbirlar o‘tkaziladigan global maydon sifatida targ‘ib etishga qaratilgan xalqaro loyihalar turkumining davomi bo‘ldi.
Konsertga o‘ziga xos muhit baxsh etgan jihatlardan biri uning sahnadagi hayratlanarli soddaligi bo‘ldi. Sahnada ulkan dekorasiyalar, murakkab sahnalashtirish yechimlari yoki yorqin maxsus effektlar yo‘q edi — faqat Jon Lejend va uning royali. Aynan mana shu ixchamlik tomoshabinlarga eng muhim jihatni — san’atkorning betakror ovozini to‘liq his etish imkonini berdi. Minglab tomoshabinlar har bir qo‘shiqni hayajon bilan tinglar ekan, haqiqiy iste’dodga ortiqcha bezaklar kerak emasligiga yana bir bor amin bo‘ldilar.
Sahnadan musiqachining eng mashhur kompozisiyalari yangradi. Samimiy tuyg‘ular va birdamlik muhiti bu oqshomni chinakam unutilmas lahzaga aylantirdi. Samarqandning yulduzli osmoni ostida Jon Ledjend musiqasi minglab qalblarni birlashtirib, konsertni haqiqiy san’at bayramiga aylantirdi.
Qo‘shiqlar orasidagi tanaffuslarda san’atkor o‘zining shaxsiy hayoti haqida hikoya qilib, bolalik yillarini esladi va uni jahon miqyosidagi shuhrat sari yetaklagan yo‘li haqida so‘zlab berdi. Uning samimiyligi va tomoshabinlar bilan iliq muloqoti oqshomga yanada o‘zgacha ruh bag‘ishladi. Tomoshabinlar esa har bir kompozisiyani uzoq davom etgan olqishlar bilan kutib oldilar.
Jon Lejendning Samarqanddagi chiqishi O‘zbekiston madaniy hayotidagi yana bir yorqin sahifaga aylandi. Ushbu konsert mamlakatning xalqaro madaniy maydondagi o‘rni tobora ortib borayotganini hamda san’at va musiqa orqali insonlarni birlashtirish salohiyatiga ega ekanini yana bir bor namoyon etdi.