Xabaringiz bor, "Aniq.uz" sayti yurtimizning nufuzli nashriyotlaridan biri — "Fan" nashriyoti bilan "Yangi kitob" loyihasini yo‘lga qo‘ygan.
Bugun e’tiboringizga nashriyotda yaqindagina chop etilgan yangi kitob — "O‘zbek xalq qo‘shiqlari" haqida ma’lumot beramiz.
Hammamiz yoshligimizdan turli xalq qo‘shiqlarini eshitib, kuylab katta bo‘lganmiz. Xalqimizning bu ma’naviy merosi og‘izdan-og‘izga o‘tib, ajdodlarimizdan bizga qadar yetib keldi. Xalq qo‘shiqlarining negizida insoniy tuyg‘ular, yaxshilik kabi ijobiy xislatlar mujassam.
Shomirza Turdimov, Shahnoza Nazarovalar tomonidan «Devonu lug‘otit turk» (Mahmud Koshg‘ariy), «Guliston bit-turkiy» (Sayfi Saroyi), «Lug‘oti chig‘atoiy va turki usmoniy» (Sulaymon Buxoriy) kabi qo‘lyozma, toshbosma manbalar hamda undan keyingi davrlarda chop etilgan turli to‘plam va arxiv materiallari asosida eng mukammal qo‘shiq majmuasi yaratildi. Majmua o‘zbek xalq qo‘shiqlarini xorijiy tillarga tarjima qilishda va keng targ‘ib etishda asosiy manba bo‘lib qolishiga hamda bu o‘lmas meros hech bir o‘quvchini befarq qoldirmasligiga umid qilamiz.