Angliyaning «Brayton end Xouv Albion» futbol klubi Yevropada ayollar futboli uchun mo‘ljallangan ilk maxsus stadion qurilishi rejasini taqdim etdi
Taxminan 100 million dollarga tushadigan yangi inshoot ayollar jamoasining doimiy uyiga aylanadi. Stadion ayol futbolchilar, xodimlar va muxlislarning ehtiyojlarini inobatga olgan holda loyihalashtiriladi.
Inshoot Angliya premyer-ligasida o‘ynaydigan erkaklar jamoasining hozirgi stadioni yonida joylashgan bo‘ladi. Dastlabki sig‘im 10 000 tomoshabinni tashkil etadi, shuningdek ikki arenani piyodalar ko‘prigi bog‘laydi.
Hozirda qurilish uchun zarur ruxsatnomalarni olish ishlari olib borilyapti. Klub stadionni 2030/31 yilgi mavsum boshida ochishni rejalashtirgan.
Bu - Yevropadagi birinchi bunday loyiha va dunyodagi kam sonli tashabbuslardan biridir. Bunday arena ilk marta Qo‘shma Shtatlarda paydo bo‘lgan: «Kanzas-Siti Karrent» ayollar futbol klubi ikki mavsumdan beri «Si-Pi-Key-Si Stedium» stadionida o‘ynab keladi. Bundan tashqari, AQSh ayollar futbol ligasining «Denver Sammit» jamoasi o‘z stadionining qurilishini 2028 yilga qadar yakunlashni rejalashtirgan.
Yangi stadion ayollar futbolining o‘ziga xos xususiyatlariga to‘liq moslashtirilgan holda quriladi. Maydon standartlaridan tortib, kiyim almashtirish xonalari va tiklanish zonalarigacha, butun infratuzilma professional sportchilarning ehtiyojlarini qondirish uchun mo‘ljallangan.
Bundan tashqari, muxlislar uchun qulay va oilaviy muhit yaratishga ustuvor ahamiyat beriladi: keng jamoat joylari, ko‘ngilochar elementlar va xavfsiz muhit ta’minlanadi.