Evropa Ittifoqi Suriyaga qarshi o‘tgan yillarda joriy qilingan iqtisodiy sanksiyalarning katta qismini bekor qilishga rozi bo‘ldi. Bu haqda Yevropa Ittifoqi tashqi siyosat departamenti rahbari Kaya Kallas tashqi ishlar vazirlarining Bryusseldagi uchrashuvi yakunlari bo‘yicha bayonot berdi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Yevropa Ittifoqining maqsadi iqtisodiyotni qo‘llab-quvvatlash va vaziyatni barqarorlashtirishdir. “Biz Suriyadagi odamlar ish va tirikchilikka ega bo‘lishini istaymiz”, dedi vazir.
Shaxsan sobiq prezident Bashar al-Assad va uning atrofidagilarga qaratilgan sanksiyalar o‘z kuchida. Ular orasida aholini bostirish uchun ishlatilishi mumkin bo‘lgan qurol-yarog‘ va jihozlarni etkazib berish taqiqlangan.
AFP ma’lumotlariga ko‘ra, YEI Suriya Markaziy banki aktivlarini muzlatib qo‘yishga, bank operasiyalariga qo‘yilgan cheklovlarni olib tashlashga va tashqi savdoni tiklashga tayyor. Qaror Yevropa Ittifoqining doimiy vakillari tomonidan rasman tasdiqlanishi kerak.
Sanksiyalarning bekor qilinishi 2025-yil yanvarida tasdiqlangan bosqichma-bosqich yumshatish rejasidan so‘ng amalga oshirilmoqda. O‘shanda Yevropa Ittifoqi Suriyaning yangi rasmiylari xalqaro huquqni buzsa, cheklovlarni qaytadan joriy etishi mumkinligini ta’kidlagan edi.
Sanksiyalarning bekor qilinishini avvalroq AQSh prezidenti Donald Tramp qo‘llab-quvvatlagan va u may oyida bu qaror Turkiya yetakchisi Rajab Toyyib Erdo‘g‘an bilan kelishilganini aytgan edi.