Evropa Ittifoqiga a’zo davlatlar Grenlandiya masalasi tufayli AQShga qarshi 93 milliard yevro miqdorida javob choralarini joriy etish imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda.
Bu haqda Britaniyaning Financial Times (FT) gazetasi yevropalik mansabdorlarga tayanib ma’lum qilgan.
Nashr ma’lumotlariga ko‘ra, YEIning javob choralarining ikkinchi varianti — "amerikalik kompaniyalarning yagona bozorga kirishini cheklash"dan iborat. Ta’kidlanishicha, ushbu rejalar kelasi hafta Davos shahrida bo‘lib o‘tadigan Jahon iqtisodiy forumi doirasida Yevropa yetakchilari va AQSh prezidenti Donald Tramp o‘rtasida bo‘ladigan uchrashuvlar arafasida ishlab chiqilmoqda.
"Agar bu davom etsa va Tramp sof mafiyaviy usullarni qo‘llasa, bizning qo‘limizda ochiq-oydin javob instrumentlari bor, — dedi FT nashriga yevropalik diplomatlardan biri. — Biroq shu bilan birga, biz omma oldida vazminlikka chaqirib, unga orqaga bir qadam tashlash imkoniyatini bermoqchimiz". Manbaning aytishicha, Bryussel "qamchi va shirinlik" usulidan foydalanishni rejalashtirmoqda.
Gazetaning yozishicha, YEI davlatlarining aksariyati javob choralarini qo‘llash tahdidlariga o‘tishdan oldin "qarama-qarshiliklarni diplomatik yo‘l bilan hal etish" tarafdori.
"Biz keskinlikni pasaytirishimiz kerak", — dedi yana bir yevropalik diplomat.
Nashr manbalaridan yana biri esa Yevroittifoqning javob choralari ehtimoli AQSh Kongressi a’zolari tomonidan Tramp ma’muriyatiga bosimni kuchaytiradi, degan umidni bildirdi.
"Vaziyat endi murosaga joy qoldirmayapti, chunki biz Grenlandiyani berib yuborolmaymiz, — dedi u. — Oqilona fikrlaydigan amerikaliklar ham uning hozirgina Pandora qutisini ochganini yaxshi bilishadi".