Eron tashqi ishlar vaziri Abbos Aroqchiy neft bozoridagi hozirgi beqarorlik va xom ashyo narxining qimmatlashishi uchun javobgarlik AQSh va Isroil zimmasiga tushishini aytdi. U bu haqda Anadolu Agency agentligiga Tehronda o‘tgan Quds kuni marshi davomida bergan intervyusida ma’lum qildi.
Vazirning so‘zlariga ko‘ra, neft narxining hozirgi keskin oshishi AQSh va Isroilning mintaqadagi agressiv siyosati oqibatidir. Aroqchiy ta’kidlashicha, agar eskalasiya hozirgi yo‘nalishda davom etsa, energiya resurslari narxi uzoq muddatli istiqbolda ham o‘sishda davom etadi.
💬 «Mintaqada AQSh va Isroilning harakatlarini hisobga olsak, kelajakda ham narxlar o‘sishi ehtimoli katta. Bu davlatlar mintaqani falokatga olib kirdi va buning uchun javob berishi kerak», — dedi diplomat.
Tashqi siyosat idorasi rahbari Eron jamiyati tashqi tahdidlar oldida juda ham birlashganini ta’kidladi. Uning aytishicha, millionlab fuqarolar nafaqat poytaxtda, balki butun mamlakat bo‘ylab ko‘chalarga chiqib, Quddusni qo‘llab-quvvatlashga tayyor ekanini namoyish qilgan.
Aroqchiy Eron o‘zining ko‘p yillik g‘oyalaridan chekinmasligini va Quddus hamda Falastin manfaatlarini himoya qilishda davom etishini aytdi.
💬 «Biz shu kuch va qat’iyat bilan harakat qilishda davom etamiz. Dushmanlarimiz Eron qudratini tan olishga majbur bo‘ladi», — deya xulosa qildi vazir.
Bu bayonotlar "Basra ko‘rfazi"da dengiz qatnovi amalda to‘sib qo‘yilgani fonida aytildi. Bu holat xalqaro birjalarda neft kotirovkalarining keskin tebranishiga olib kelgan.
Eron tomoni mintaqaviy xavfsizlik neft narxlarining barqaror bo‘lishi uchun yagona kafolat ekanini ta’kidlamoqda.