Dunyo neft savdosining qariyb 20 foizi o‘tadigan Ho‘rmuz bo‘g‘ozi atrofidagi vaziyat keskinligicha qolmoqda. Eronning Tasnim nashri bergan xabarga ko‘ra, Tehron ma’lum shartlar evaziga bo‘g‘ozni kemalar qatnovi uchun qayta ochishga tayyorligini bildirgan.
Eron tomoni bo‘g‘oz faoliyatini tiklash uchun bir qator talablarni ilgari surmoqda:
Sanksiyalarning kafolatlangan tarzda bekor qilinishi;
Mintaqadagi Amerika harbiy bazalarining yopilishi;
Eronning muzlatilgan aktivlarini blokdan chiqarish;
Xalqaro savdoda dollardan voz kechib, boshqa valyutalardan foydalanish.
Shuningdek, Eron Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusi (IIQK) mintaqa davlatlaridan AQSh va Isroil elchilarini chiqarib yuborishni ham kemalar qatnovi uchun asosiy shartlardan biri sifatida atagan.
CNN telekanalining xabariga ko‘ra, Tehron neft tankerlarining yuklari faqat Xitoy yuanida sotilishi sharti bilan ularni bo‘g‘ozdan cheklangan tarzda o‘tkazish imkoniyatini ham ko‘rib chiqmoqda. Bu qadam jahon iqtisodiyotida dollarning mavqeiga putur yetkazishi mumkinligi aytilmoqda.
Ho‘rmuz bo‘g‘ozi orqali nafaqat neft, balki suyultirilgan gaz ta’minotining 30 foizi ham o‘tadi. AQSh va Isroilning Eronga qarshi operasiyasi boshlangach, bo‘g‘oz amalda yopilgan va bu energiya resurslari narxining keskin oshishiga olib kelgan. Fors ko‘rfazidagi ko‘plab neft kompaniyalari yoqilg‘i tashiy olmayotgani sababli fors-major holatini e’lon qilishga majbur bo‘ldi.
Eron Tashqi ishlar vazirligi vakili Ismoil Baqoiyning ta’kidlashicha, bo‘g‘oz to‘liq yopilmagan, biroq kemalar qatnovi faqat Tehron belgilagan "maxsus shartlar" asosida amalga oshiriladi. Hozirda bo‘g‘ozni IIQK harbiy-dengiz kuchlari to‘liq nazorat qilmoqda.