AQSh prezidenti Donald Tramp Eron bilan davom etayotgan urush noyabr oyidagi oraliq saylovlardan ko‘p o‘tmay yakunlanishi mumkin, deb hisoblamoqda.
«Menimcha, urush saylovlardan keyin darhol tugaydi, chunki ular [eronliklar] endi qarshilik ko‘rsata olmaydi», — dedi Tramp.
Prezidentning aytishicha, saylovlardan keyin neft narxlari ham keskin pasayishi mumkin.
Tramp Texasga yo‘l olar ekan, Eron AQShdagi saylovlarga ta’sir o‘tkazishga «juda qattiq urinmoqda», deb da’vo qildi. Uning fikricha, Tehron hokimiyatga «zaif» deb hisoblaydigan kuchlar kelishini va ular Eronga aralashmasdan, yadroviy qurol yaratish imkonini berishini istaydi.
Tramp avvalroq yettinchi oyga cho‘zilgan urush atigi bir necha hafta davom etishini taxmin qilgan edi. Biroq mojaro va uning oqibatlari, jumladan yoqilg‘i hamda oziq-ovqat narxlarining oshishi prezidentning reytinglariga salbiy ta’sir ko‘rsatdi.
AQShda oraliq saylovlar 3 noyabr kuni bo‘lib o‘tadi. Respublikachilar Kongress ustidan nazoratni yo‘qotish xavfi ostida. Tarixan AQShda amaldagi prezidentning partiyasi oraliq saylovlarda parlamentdagi o‘rinlarining bir qismidan ayrilib kelgan.