Tehron AQSh takliflarini norealistik deb atab, mintaqadagi diplomatik taranglik fonida asosiy e’tiborni mudofaaga qaratayotganini ma’lum qildi.
Eron bayonotiga ko‘ra, AQShning sulh takliflari «norealistik, mantiqsiz va haddan tashqari» deb baholangan. Bu haqda mamlakat tashqi ishlar vazirligi rasmiy vakili Esmail Bagai ma’lum qildi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Tehron vositachilar orqali AQShning muzokaralarga tayyorligi haqida xabarlar olgan. Biroq taklif qilingan shartlar rad etilgan.
«Bizning pozisiyamiz aniq. Biz harbiy agressiya ostidamiz. Shuning uchun barcha kuch va imkoniyatlarimizni o‘zini himoya qilishga safarbar qilganmiz», — dedi Bagai matbuot anjumanida.
Bayonot Islomobod shahrida Pokiston, Misr, Saudiya Arabistoni va Turkiya tashqi ishlar vazirlari uchrashuvidan keyingi kuni yangradi. Unda Hormuz bo‘g‘ozi orqali kemalar qatnovini qayta tiklash bo‘yicha dastlabki takliflar muhokama qilingan.
Shu bilan birga, Eron Livandagi elchisi Bayrut tomonidan persona non grata deb e’lon qilinishiga qaramay, o‘z faoliyatini davom ettirishini ma’lum qildi.
Bagaining aytishicha, diplomat Bayrutda qoladi va o‘z vazifalarini bajarishda davom etadi. Shuningdek, Eronning Livan poytaxtidagi elchixonasi ham odatiy tarzda ishlamoqda.