Bugun 4 iyul, 2024 yil, payshanba

КИР

Energetika vazirligi may oyida elektr energiyasi nega kam yetkazib berilganiga izoh berdi

Energetika vazirligi may oyida elektr energiyasi nega kam yetkazib berilganiga izoh berdi

Ijtimoiy tarmoqlarda may oyida elektr energiyasini ishlab chiqarish va tabiiy gaz qazib chiqarish kamaygani haqida xabarlar tarqaldi. Energetika vazirligi bunga munosabat bildirdi. Bu haqida Daryo nashri yozmoqda.

Unda aytilishicha, 2024 yil may oyida O‘zbekistonda 6,1 milliard kVt/soat elektr energiyasi ishlab chiqarildi. Bu o‘tgan yilning mos davridagiga nisbatan 337,9 million kVt/soat yoki 5,8 foiz ko‘p. Shuningdek, respublika iste’molchilariga 5 milliard kVt/soat elektr energiyasi yetkazib berildi. Bu ko‘rsatkich 2023 yilning shu davridagiga nisbatan 297,1 million kVt/soat yoki 5,7 foiz kam.

Shu jumladan, iqtisodiyot tarmoqlariga — 3,7 milliard kVt/soat (92,2 mln kVt/soat ko‘p), aholi iste’molchilariga — 1,2 milliard kVt/soat (393,7 million kVt/soat kam) elektr energiyasi yetkazib berilgan. Ya’ni, aholi iste’molchilari tomonidan shuncha hajmdagi elektr energiyasi tejalgan.

Qolgan elektr energiyasi stansiyalarning o‘z ehtiyojlari va ishlab chiqarishdagi ehtiyoj hamda elektr energiyasini uzatishdagi sarf uchun ishlatilgan.

“Kam yetkazib berilganining asosiy sababi shundaki, may oyida tariflar o‘zgarishi fonida aholi iste’molchilari elektr energiyasidan tejamkorlik bilan foydalangan. Sanoat korxonalari esa, yuqorida ko‘rganingizdek, prognozga nisbatan belgilangan hajmlarda elektr energiyasi iste’mol qilgan”, — deyiladi vazirlik xabarida.

Qayd etilishicha, ortiqcha ishlab chiqarilgan mazkur elektr energiyasi qo‘shni davlatlarga eksport qilindi.

Shuningdek, ma’lum qilinishicha, hozirgi kunda O‘zbekistonda 8 ta quyosh fotoelektr va bitta shamol elektr stansiyasi ishga tushirilgan bo‘lib, ular kunduz kuni 2000 MVt (umumiy ishlab chiqarishning 20 foizi) gacha “yashil” energiya ishlab chiqarmoqda. Buning yordamida import hajmi keskin kamaydi.

“Shu bois, aytish mumkinki, bugungi kunda yurtimizda elektr energiya ishlab chiqarish bilan bog‘liq hech qanday muammo yo‘q. Aksincha, bundan buyon mamlakatimizda “yashil” elektr stansiyasilar quvvati oshirib borilaveradi va elektr energiyasi iste’molga (talabga) nisbatan ko‘proq ishlab chiqarilishiga erishiladi”, — deyiladi xabarda.

Shu bilan birga, vazirlik tabiiy gaz qazib olish qisqarganini tan oldi. May oyida 3 554,8 million kub metr tabiiy gaz qazib olingan bo‘lib, bu o‘tgan yilning mos davridagiga nisbatan 41 million kub metr kam.

Tabiiy gaz qazib chiqarish hajmlari kamayishi Qandim gazni qayta ishlash zavodi va “Jarquduq” gazni kompleks tayyorlash qurilmasida rejaviy ta’mirlash ishlari va boshqa texnologik sabablarga ko‘ra yuzaga kelgan.

Kiritildi: 11:24 27.06.2024. O'qildi: 609 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!