Endilikda davlat OTMlari magistraturasiga qo‘shimcha qabul asosida o‘qishga kirgan talabalarga ta’lim krediti berilmaydi.
2025 yilgi davlat byudjeti to‘g‘risidagi qonun ijrosini ta’minlashga oid Prezident qarori bilan Hukumatning 2021 yil 18 avgustdagi 527-son qarori 1-ilovasi 3 bandi 4-xatboshisiga tegishli o‘zgartirishlar kiritildi.
Unga ko‘ra, «ta’lim tashkilotida tahsil olish maqsadida tabaqalashtirilgan to‘lov-kontraktni va tabaqalashtirilgan to‘lov-kontraktning minimal miqdoriga teng bo‘lgan bir martalik boshqa to‘lovlarni hamda davlat oliy ta’lim muassasalari magistraturasiga qo‘shimcha qabul parametrlari asosida o‘qishga qabul qilingan abituriyent va talabalarning to‘lov-kontrakt to‘lovlarini amalga oshirish uchun ta’lim krediti ajratilishiga yo‘l qo‘yilmaydi».
Eslatib o‘tamiz, Vazirlar Mahkamasining 527-son qarori bilan ta’lim kreditlari ajratish tartiblariga doir Nizom tasdiqlangan va 3-bandida «super kontrakt» uchun ta’lim krediti ajratilmaslik belgilangan.