Bugun 3 iyul, 2025 yil, payshanba

КИР

Ekologiya, atrof muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligining axboroti dastlabki tarzda ko‘rib chiqildi

A A A
Ekologiya, atrof muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligining axboroti dastlabki tarzda ko‘rib chiqildi

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish masalalari qo‘mitasining yig‘ilishida “O‘zbekiston – 2030” strategiyasini “Yoshlar va biznesni qo‘llab-quvvatlash yili”da amalga oshirishga oid Davlat dasturining 2024 yil birinchi chorakda ijro etilishi holati yuzasidan Ekologiya, atrof muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligining axboroti ko‘rib chiqildi.

Ta’kidlanganidek, Davlat dasturi xalqimiz farovonligiga erishish, atrof tabiiy muhitni muhofaza qilish, “yashil iqtisodiyot” tamoyillariga asoslangan yuqori iqtisodiy o‘sish sur’atlarini ta’minlash, Orolbo‘yi mintaqasida ekologik vaziyatni barqarorlashtirish, iqlim o‘zgarishi salbiy ta’sirining oldini olishga qaratilganligi bilan ham ahamiyatlidir.

Davlat dasturida belgilangan vazifalar ijrosi yuzasidan ko‘rib chiqilgan davrda vazirlik tomonidan qator ishlar amalga oshirilganligi deputatlar tomonidan qayd etildi.

Xususan, joriy yilda mamlakatimizda “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida 200 mln. tup daraxt va buta ko‘chatlari ekilishi belgilangan bo‘lib, bahorgi ko‘chat ekish mavsumida ularning 125 mln. tupini ekish nazarda tutilgan. Hisobotda keltirilishicha, mart oyi yakuniga ko‘ra 70,6 mln. tup ko‘chatlar ekilishi ta’minlangan.

Shu bilan birga “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida hududlar kesimida 444 ta “yashil bog‘lar” barpo etish parametrlari tasdiqlanganligi, Orolbo‘yi mintaqasidagi 95 ming gektar maydonda “yashil qoplama”lar va himoya o‘rmonzorlari tashkil etilganligi alohida qayd etildi.

Iqlim o‘zgarishi salbiy ta’sirining oldini olish maqsadida xavfli gidrometeorologik hodisalarni barvaqt aniqlash, tog‘ daryolari oqimi prognozlarining ishonchliligi darajasini oshirish, foydali qazilmalarni qazib olish natijasida buzilgan yer maydonlarini rekultivasiya qilishga qaratilgan chora-tadbirlar amalga oshirilgan.

Yig‘ilishda qayd etilganidek, Aydar-Arnasoy ko‘llar tizimida tabiiy ekologik tizimlarning tanazzulga uchrashi sur’atlarini pasaytirish, hayvonlar va o‘simliklarning kamyob va yo‘qolib borayotgan turlarini qayta tiklash, bioxilma-xillikni saqlab qolish, muhofaza qilinadigan tabiiy hududlarni rivojlantirish va kengaytirishga qaratilgan Hukumat qarori loyihasi ishlar ishlab chiqilgan.

Qattiq maishiy chiqindilarni to‘plash va olib chiqish xizmatlari bilan qamrab olish darajasi mahallalar kesimida 94 foizga, aholi kesimida 69 foizga yetkazilgan. Chiqindilarni qayta ishlash darajasini 40 foizga oshirish yuzasidan vazifalar belgilab olingan. Shuningdek, yil yakuniga qadar 24 ta maishiy chiqindi poligonlarini rekultivasiya qilish, tuproq bilan yopish va faoliyatini to‘xtatish ishlarini amalga oshirish ko‘zda tutilgan.

O‘zbekiston Respublikasi hududiga olib kirish va respublika hududidan olib chiqishda ekologik xavfli mahsulotlar va chiqindilarni majburiy ekologik sertifikatlash tartibini takomillashtirish, mahsulot va xizmatlarni ixtiyoriy ekologik markirovkalash tizimini yanada rivojlantirish maqsadida normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari ishlab chiqilgan.

Deputatlar tomonidan “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida belgilab berilgan vazifalarni sifatli ijro etish, yirik sanoat korxonalarining atrof-muhitga ta’sirini kamaytirish maqsadida ularning hududlariga va tutash hududlarga ko‘chatlar ekish orqali “yashil belbog‘”lar barpo etish ishlarini yanada jadallashtirish yuzasidan fikrlar bildirildi.

Aholini qattiq maishiy chiqindilarni to‘plash va olib chiqish xizmatlari bilan qamrab olish darajasini oshirish borasidagi ishlar yetarlicha tashkil etilmaganligiga, xususan, 69 foiz aholi bu turdagi xizmatlar bilan qamrab olinganligiga e’tibor qaratildi.

Yig‘ilishda Davlat dasturida belgilangan vaziflarning bajarilish holatini nazorat-tahlil tartibida muntazam o‘rganib borish hamda uning ijrosi yuzasidan vazirlikning axborotini qo‘mita majlisida eshitish yuzasidan qaror qabul qilindi.

Kiritildi: 15:11 06.04.2024. O'qildi: 1048 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!