Bugun 9 may, 2024 yil, payshanba

КИР

DXX Qashqadaryoda jihodchilar guruhi faoliyatiga chek qo‘ydi

DXX Qashqadaryoda jihodchilar guruhi faoliyatiga chek qo‘ydi

O‘zbekiston Davlat xavfsizlik xizmati Qashqadaryoda jihodchilar guruhi faoliyatiga chek qo‘ydi.

Qarshi shahrida yashovchi 52 yoshli fuqaro muqaddam “Jihodchilar”* diniy ekstremistik oqimiga a’zo bo‘lganligi uchun 2004-2018 yillarda jazo muddatini o‘tagan bo‘lishiga qaramasdan, o‘zining yashash manzilida 1994, 1996, 1998 yillarda tug‘ilgan 3 nafar farzandi va 2000 y.t. jiyani hamda 1974-1998 yillar oralig‘ida tug‘ilgan 11 nafar mahalliy fuqarolardan iborat noqonuniy guruh tashkil etgan. Ular bilan jihodchilar oqimi g‘oyalarini qo‘llab-quvvatlab kelgan.

Shuningdek, guruh a’zolarini “hijrat” va “jihod” qilishga, Suriya davlatiga borib, “Tavhid va Jihod katibasi”* terroristik tashkilotiga qo‘shilishga chorlagan.

Bundan tashqari, u telegramda “Shahidlar” guruhini tashkil etib, unga diniy ekstremistik oqimlar va terroristik tashkilotlarning g‘oyaviy rahnamolari bo‘lmish “Abu Saloh”, “Abdulloh Zufar”, “Sodiq Samarqandiy” va boshqalarning “hijrat”, “jihod” va “shahidlik”ka chorlovchi audio-video materiallarini joylashtirib, targ‘ibot ishlari olib borgan.

DXX Qashqadaryo viloyati boshqarmasi va viloyat ichki ishlar boshqarmasi xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbir natijasida mazkur noqonuniy guruh faoliyatiga chek qo‘yildi.

Aniqlanishicha, guruh yetakchisining ko‘rsatmasi bilan uning a’zolari bosqinchilik jinoyatlarini sodir etish orqali yo‘l harajatlari uchun pul yig‘ish, so‘ngra Suriyaga borib, terroristik tashkilotlar safiga qo‘shilishni rejalashtirgan.

Ularning yashash manzillaridan kompyuter prosessori, noutbuk, dron, flesh-kartalar, DVD disklar, telefon apparatlari, diniy mazmundagi adabiyotlar, shuningdek, bir donadan o‘qotar va pnevmatik qurol, patronlar va gilzalar ashyoviy dalil sifatida prosessual tartibda rasmiylashtirib olindi.

Ta’kidlanishicha, guruh a’zolari orasida MCHJ rahbari va ishchisi, buyum bozorida sotuvchilik bilan shug‘ullanuvchi shaxslar hamda institut talabasi bor.

Jinoyat Kodeksining tegishli moddasiga asosan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Kiritildi: 12:20 28.07.2020. O'qildi: 4044 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!