YouTube blogeri Jimmi Donaldson, internetda MrBeast nomi bilan tanilgan, Markaziy Osiyoga birinchi safari doirasida 9 oktyabr kuni Toshkentga tashrif buyuradi. Bu haqda tashrif tashkilotchisi O‘zbekiston Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi xabar qildi.
MrBeast katta byudjetlar, murakkab sahnalashtirishlar va yirik sovrin jamg‘armalariga asoslangan masshtabli videoloyihalari bilan mashhur.
Toshkentda MrBeast bilan muxlislar uchrashishi mumkin. Ular ro‘yxatdan o‘tgan ishtirokchilar orasidan tasodifiy raqamlar generatori orqali tanlab olinadi.
Uchrashuv interaktiv o‘yinlar formatida, jumladan, kam tanilgan faktlarni bilishga qaratilgan triviya-viktorina shaklida o‘tkaziladi. G‘oliblarga qimmatbaho sovrinlar topshiriladi.
MrBeast tashrifi O‘zbekistondagi yoshlar orasida YouTube hamjamiyatini rivojlantirishga turtki berishi, mahalliy kontent yaratuvchilarning jahon media makoniga integrasiyalashuviga ko‘maklashishi kutilmoqda.
MrBeast’ning O‘zbekistonga tashrifi Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi amalga oshirayotgan davlat dasturi doirasida tashkil etilmoqda. Dastur kreativ iqtisodiyot ulushini oshirish, yoshlar tashabbuslarini rivojlantirish, raqamli industriyalarni qo‘llab-quvvatlash va xalqaro media texnologiyalarni mintaqaga transfer qilishga qaratilgan.
Jamg‘arma MrBeast tashrifi bo‘yicha rasmiy axborot manbai va ommaviy ro‘yxatdan o‘tishning yagona tashkilotchisi hisoblanadi. Rasmiy ro‘yxatdan o‘tish havolasi faqat jamg‘armaning veb-sayti va tasdiqlangan ijtimoiy tarmoqlardagi kanallarida, shuningdek, savol-javoblar bo‘limi bilan birga e’lon qilinadi.
Uchrashuvda ishtirok etishni istaganlar boshqa manbalardagi havolalar, sovrinli o‘yinlar yoki MrBeast va uning vakillari sifatida taqdim etayotgan akkauntlarning takliflariga ishonmasligi kerak.
Yangilanishlar jamg‘armaning rasmiy Telegram, Instagram, Facebook va YouTube kanallari hamda rasmiy veb-saytida e’lon qilib boriladi.
Ro‘yxatdan o‘tish qoidalariga ko‘ra, ishtirokchi 18 yoshdan katta bo‘lishi kerak. Har bir kishi faqat bir marta, o‘z nomi bilan, amal qiluvchi telefon raqami va shaxsini tasdiqlovchi hujjat ma’lumotlari asosida ro‘yxatdan o‘tishi mumkin.